Qishda ob-havoning iliq kelgani Yevropani energetika inqirozidan qutqarmoqda. Shuningdek, energiyani tejash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar ham vaziyatning barqarorlashishiga yordam bermoqda, deb yozmoqda Bloomberg agentligi.

Bundan tashqari, inqirozning eng og‘riqni davridan o‘tishda yerosti omborlari o‘z vaqtida to‘ldirilgani va yetkazib beruvchilar tarmog‘ining kengaytirilgani ham qo‘l kelgan. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Yevropada inqirozning eng yomon davri ortda qoldi.

«Ob-havoning keskin sovib ketishi yoki yetkazib berishdagi uzilishlar xavfi haliyam saqlanib qolayotganiga qaramay, Yevropa bu yilgi qishni hamda navbatdagisini ham talafotlarsiz o‘tkazishiga umid ortmoqda», – deyiladi agentlik tarqatgan maqolada.

Yevroittifoq hozir Rossiyadan ko‘mir va neft olmayapti, gaz importi ham sezilarli ravishda kamaygan. Ukraina mojarosi boshlangunga qadar Yevropa Rossiya gazining 40 foizini sotib olardi, endi bu ko‘rsatkich 8 foizdan ham pastlagan.