BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk xalqaro hamjamiyatni boshqarmaning joriy yildagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, mavjud ehtiyoj uchun 452 million dollar zarurligini ta’kidladi.

Ma’lumotga ko‘ra, Inson huquqlari bo‘yicha boshqarma faoliyati 40 foiz BMT byudjetidan, 60 foiz ixtiyoriy badallar hisobidan moliyalashtiriladi.

“BMT yangiliklari” portali xabar berishicha, Oliy komissar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi nishonlanadigan yilda xalqaro hamjamiyat tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi (IHBB) faoliyati yetarli darajada moliyalashtirilishiga umid bildirdi. Bu mablag‘lar, uning ta’kidlashicha, tashkilotga a’zo davlatlar va hamkorlar so‘rovi, ehtiyojiga javob bera oladi.

Folker Turk boshqarma faoliyatiga o‘tgan yil 240 million 800 ming dollar hissa qo‘shgan 87 nafar ixtiyoriy donorga minnatdorlik bildirarkan, o‘tgan yilgi talabning faqat 60 foizi moliyalashtirilganini ham afsus bilan qayd etdi. IHBBda mablag‘ yetishmasligi tufayli dunyoning ko‘plab mintaqalarida amaliyot qisqargan, a’zo mamlakatlarning ba’zi texnik yordam so‘roviga to‘liq javob berish iloji bo‘lmagan.

O‘zA