Ostona shahrida «Markaziy Osiyo-2030: kelajak qiyofasi» ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida mintaqamizni rivojlantirishga doir dolzarb masalalar muhokama qilinib, muammolar hal qilinishi uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik istiqbolni shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov anjumandagi chiqishida qayd etganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining siyosiy irodasi va hamkorlikdagi sa’y-harakati mintaqani birgalikda rivojlantirishga, umumiy taraqqiyot yo‘lidagi qadamlarni birlashtirishga xizmat qiladi:

«Biz global siyosatda Markaziy Osiyoning mintaqaviy sub’ekt sifatidagi rolini mustahkamlay boshladik. Butun dunyoda Markaziy Osiyoning ovozi tobora baralla yangramoqda: bizni eshitishmoqda, bizga quloq solishmoqda. Aslida, bugun biz umumiy kelajagimizni yaratmoqdamiz. Markaziy Osiyo mintaqasi keng miqyosli sheriklik va o‘zaro hamkorlik makoniga aylanmoqda.

Mamlakatlarimiz rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi mintaqada davlatlararo munosabatning yangi paradigmasiga asos solib, Markaziy Osiyoning avvalgi qudratini tiklashga imkon beruvchi hamjihatlikni mustahkamlash uchun zamin yaratdi».

U shuningdek barqaror Markaziy Osiyo iqtisodiy o‘sishning muhim markazlaridan biriga aylanayotganiga urg‘u berdi. So‘nggi 6-7 yil sanoat, transport, energetika va infratuzilma sohalaridagi kooperatsiya bo‘yicha yirik investitsiyaviy loyihalarni hamkorlikda amalga oshirishda muhim davr bo‘ldi. Qo‘shma investitsiya kompaniyalari tashkil etildi, mintaqalararo aloqalar faol rivojlanmoqda. Bunday sur’at avval kuzatilmagan.

Mintaqaning umumiy YAIM so‘nggi yillarda 25 foiz, so‘nggi 20 yil ichida esa yetti barobardan ziyod ortib, 347 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Shu o‘rinda MOXI direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha bor ta’kidlagan quyidagi so‘zlarni keltirib o‘tdi: «bugungi real voqelik bizdan Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish yo‘lida qat’iy qadamlar tashlashni talab qilmoqda».

Bundan tashqari V.Norov O‘zbekiston rahbarining mintaqani rivojlantirishga qaratilgan, avvalo, o‘zaro savdo hajmini tubdan oshirish, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tez fursatda zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratishga doir qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, mintaqaning transport-tranzit salohiyatini oshirish bilan bog‘liq hamkorlikning turli muhim yo‘nalishlariga doir tashabbuslariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida erkin savdo tartibi o‘rnatilgani qayd etildi. Bu jarayon nafaqat ikki tomonlama kelishuvlar, balki ko‘p qirrali formatdagi bitimlar bilan ham tartibga solinmoqda.

U tez fursatda sanoat kooperatsiyasi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish, shu asosda uzun qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish zaruratini qayd etdi.

Bunda Markaziy Osiyo sanoat lokalizatsiyasi va import o‘rnini bosish makonini shakllantirishga doir umumiy yondashuvlar ishlab chiqishga e’tibor qaratildi.

V.Norov hamkorlikning yana bir jadal rivojlanayotgan yo‘nalishiga to‘xtaldi. Bu chegara oldi sanoat kooperatsiyasi va savdo hududlari tashkil etish masalasidir. Uning fikricha, bu mintaqalararo aloqa rivojini rag‘batlantirgan holda, yangi ishlab chiqarish korxonalari va tegishlicha yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Mintaqaviy hamkorlikning yana bir yo‘nalishi xorijiy investitsiya jalb qilish uchun sa’y-harakat va resurslarni birlashtirishdan iborat.

MOXI rahbari investitsiya sohasida umumiy mintaqaviy investitsiya jozibadorligini oshirish uchun yagona qulay ishbilarmonlik muhiti hosil qilish, shuningdek umumiy manfaatlarni hisobga olgan holda mintaqaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun Markaziy Osiyo Investitsiyaviy jamg‘armasini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi.

Ma’ruzachi ma’lumotiga ko‘ra, keyingi 10 yil ichida Markaziy Osiyo 170 milliard, jumladan noxom ashyo tarmoqlariga 40-70 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish salohiyatiga ega.

Shu bilan birga MOXI direktori turizm sohasidagi hamkorlikni ham yanada mustahkamlash lozimligi, bu mamlakatlarimiz iqtisodiyotini rivojlantirishning ta’sirchan omiliga aylanishi mumkinligini e’tirof etdi.

U mintaqa ichida turizmni rivojlantirish, “Bir tur – bir mintaqa” qo‘shma dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish zaruratiga urg‘u berdi.

Mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston va Qozog‘iston “”Osiyo shengeni” deya e’tirof etilayotgan «Silk Road Visa» loyihasini joriy etish yo‘lidagi ishlarni faol boshlab yuborgan. Bunga Qirg‘iziston va Tojikiston sayyohlik kompaniyalari ham jiddiy qiziqish bildirmoqda.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA