Amerikaning Microsoft korporatsiyasi shtatning qariyb 5 foizini, ya’ni, taxminan 10-11 ming xodimni qisqartirishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Sky News telekanali.
Sky News ma’lum qilishicha, AQSHning dasturiy ta’minot giganti bir necha kun ichida butun dunyo bo‘ylab ko‘plab ish o‘rinlarini qisqartirish rejalarini e’lon qilishi mumkin.
Telekanalning aniqlik kiritishicha, 220 mingdan ortiq kishi ishlaydigan Microsoft kompaniyasi xodimlarining taxminan 5 foizini qisqartirmoqchi, bu esa 11 ming ish joyini tashkil qiladi.
Xabarga ko‘ra, iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi kompaniyani shunday choralar ko‘rishga undagan.
“Ko‘pchilik sarmoyadorlar Microsoftni har qanday bo‘ronga bardosh bera oladigan yirik va barqaror biznes sifatida qarashsa-da, kompaniyaning zaif tomonlari bor, ularning ba’zilari makro tanazzul tufayli kuchayishi mumkin”, – deydi Guggenheim tahlilchilari.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Microsoft korporatsiyasiga 1975 yilda Bill Geyts va Pol Allen tomonidan asos solingan. Bosh qarorgohi Vashington shtatining Redmond shahrida joylashgan. Kompaniya dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan, xususan, Microsoft Windows operatsion tizimini ishlab chiqdi.
O‘zA