Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasida Qo‘mita va «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tomonidan 2023 yilning birinchi choragida amalga oshiriladigan masalalarga bag‘ishlangan Respublika onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita va «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruv raisi Bahrom Sharipov boshchiligida tashkil etilgan tadbirda Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti mas’ul xodimlari, hududiy «Agropilla» MCHJ, pillani qayta ishlash korxonalari rahbarlari, klaster va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda bahorgi pillachilik mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, ipak qurti urug‘i uchun shartnoma shartlarining bajarilishi, ipakchilik sanoatida ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini ta’minlash, xorijiy urug‘chilik korxonalari bilan qilinayotgan shartnomalar kabi masalalar muhokama etildi. Amalga oshirilishi kerak bo‘lgan, eksport, ekiladigan tut ko‘chatlari hamda to‘lov intizomi masalalari ham ko‘rib chiqildi.

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tomonidan 2023 yil 1-chorakda erishiladigan asosiy ko‘rsatkichlar uchun barchamiz birdek harakat qilishimiz kerak, –dedi B.Sharipov. – Bu yilgi rejaga ko‘ra, tizim korxonalari tomonidan ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish maqsadida 74,3 million tup tut ko‘chatlari ekiladi. Sanoatda ishlab chiqarish hajmlarini ta’minlash maqsadida 627 milliard so‘mlik ipak mahsuloti ishlab chiqarilib, 2022 yilga nisbatan 162,9 foiz o‘sishga erishilishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, 568,6 tonna xom ipak qiymati 116,5 milliard so‘mlik, 272,4 tonna ipak momig‘i 65,1 milliard so‘mlik, 3 ming 372 ming pog.m ipak mato 168,6 milliard so‘mlik, 307,5 tonna kalavalangan ipak ipi 67,5 milliard so‘mlik, 1 ming 40,2 ming dona tayyor ipakli mahsulot 208 milliard so‘mlik va 248 dona ipak gilamlari qiymati 1 milliard so‘lik hisobida ishlab chiqariladi.

Shuningdek, 16,4 million dollarlik ipak mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’atlari 106 foizga oshiriladi.

Sohada 16 ta loyiha doirasida 6,3 million dollar miqdorida investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’atlari 110 foizga yetkaziladi. Bu bilan 58,8 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi.

Tadbir so‘ngida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi va bu borada muhim topshiriqlar berildi.


Gulnoza Boboyeva, O‘zA