Toshkent shahridagi “Mehr-saxovat uyi” respublikamizda ijtimoiy ko‘mak sohasida olib borilayotgan davlat siyosatining namunasi sifatida faoliyat yuritib keladi. Bu yerga Toshkent shahrining pana-pastqam hududlarida yashab kelayotgan, ammo o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan og‘ir ahvoldagi fuqarolar keltirilib, joylashtiriladi.

Avvaliga har bir fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilib, salomatligi bo‘yicha birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, ular issiq choy, ovqatlar va kiyim-kechaklar bilan ta’minlanadi.

Ayniqsa, bugungi anomal sovuq sharoitida hududlararo ichki ishlar organlari xodimlari faol hamkorlikda, uy-joysiz fuqarolarga yordam qo‘lini cho‘zib kelishmoqda.

Natijada, bugungi kunda “Mehr-saxovat uyi”da jami 130 nafardan ortiq ayol va erkaklardan iborat fuqarolar yashab kelmoqda.

Bundan tashqari, kunlik qabul davomida ham fuqarolar keltirilib, ularning shaxsiga aniqlik kiritish ishlari olib borilmoqda.

Bugun  “Mehr-saxovat uyi”da yashab turgan shu toifa hamyurtlarimizni ko‘rib, ko‘ngling o‘rtaydi. Ular kimningdir otasi yoki onasi, kimningdir tug‘ishgan aka-singlisi…

Har birining o‘z hikoyasi bor. Qismat bugun ularni mana shu ixchamgina mehr-sahovat uyida birlashtirib turibdi. Tasavvur qiling, etni junjiktiradigan anomal sovuq ob-havo sharoitida ko‘chada qolsa, ularning ahvoli ne kechishini…

Ammo davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligi sabab, bugun ularning boshpanasi, yeyishga issiq ovqati bor.

Ayniqsa, ko‘chada qolmaganiga shukr qilayotgan og‘amizning so‘zlarini tinglab, ozmi-ko‘pmi o‘zida boriga shukr qiladi, kishi.