Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida joylashgan Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ehtirom ko‘rsatildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi rahbariyati, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, Chegara qo‘shinlari, Davlat bojxona boshqarmasi, keng jamoatchilik vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari va yoshlar ishtirok etdi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqa teatrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan «Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!» shiori ostida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinboyev so‘zga chiqib, barchani Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi bilan muborakbod etdi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 14 dekabr kungi «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosini ta’minlash borasida Orolbo‘yida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida qayd etilganidek, hech shubhasiz, mard va olijanob xalqimiz o‘zining muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq bo‘lib, xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf bilan ado etayotgan sizlar kabi zabardast farzandlari – bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda Vatan himoyachilarining xizmati beqiyosdir. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilishga, jumladan ularni uy-joy bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berish, harbiylarning turmush o‘rtoqlarini ishga joylashtirishga e’tibor berilmoqda.

Tadbirda bayram munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi taqdirlandi.

Tadbirda san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA