Eski kinolarni yaxshi ko‘raman. Shuning uchunki, ularda Vatanga muhabbat, yurtga mehr, burchga sadoqat tuyg‘ulari kinolentadan qizil chiziqdek o‘tadi, bu mavzular yuksak pafos bilan ulug‘lanadi. Tomoshabinga ijobiy ruh, kayfiyat bag‘ishlaydi, yorug‘, ulug‘ maqsadlar sari yetaklaydi. Nazarimda, hozir shunday ruhdagi kinolar kamaygandek…

Ilgari bir kino ko‘rgandim. Adashmasam, nomi “Burch” edi.

…Harbiy ofitser yigit rafiqasiga  Sharq davlatlaridan biriga komandirovkaga ketayotganini aytadi. Xotini – yosh ayol bu gapni eshitib tutaqib ketadi.

–Sen nimaga hamma narsani biz bilan maslahatlashmasdan o‘zing hal qilasan?! Axir, bizning o‘g‘limiz bor, men senga kimman o‘zi? Hech bizni ham o‘ylaysanmi? Sen borayotgan joyda urush borayapti. Demak, sen urushga ketayapsan…

Ayol yig‘laydi-siqtaydi. Erkak uning o‘ziga kelishini xotirjam kuzatadi. Xotini o‘zini bosib olib, gapdan to‘xtagach, jiddiy tarzda shunday deydi:

–  Men harbiyman. Topshiriqni bajarish – mening burchim. Axir, qasam ichganman…

Biroz tin olgach,  davom etadi:

–Shunday kasb bor – buni Vatanga xizmat, deyishadi.

Ayol bu safar jazavaga tushmaydi, xomush va o‘ychan holda, past ovozda:

–  Sen o‘lib qolsang, keyin biz nima qilamiz! – deydi.

Yigit “Narsalarimni tayyorlab qo‘y, tongda uchaman” deydi-yu yotoqxonaga kirib ketadi.

…Kunlardan bir kun tunda uy telefoni qattiq va uzluksiz jiringlaydi. Ayol shoshib trubkani ko‘taradi va o‘zini tanishtirgan armiya qo‘mondonining “Eringiz navbatdagi harbiy operatsiyani bajarayotgan paytda qahramonlarcha  halok bo‘ldi!  Ertaga olib borayapmiz…” degan gapini eshitadi.

Ofitserning tobuti tantanali ravishda kutib olinadi. Gullarga burkangan tobut tepasida nutq so‘zlagan armiya qo‘mondoni yigitga vafotidan so‘ng “Millat qahramoni” unvoni berilganini ta’kidlab, unvon guvohnomasi va “Oltin yulduz”ni uning rafiqasiga topshiradi.

Marosimda qatnashayotgan ayol “Oltin yulduz” nishonini ko‘zida yosh bilan qabul qilib olarkan, ko‘z qiri bilan o‘g‘lini axtaradi.O‘g‘il – to‘rt-besh yoshlardagi bola otasining tobuti oldiga harbiychasiga qadam tashlab boradi va qo‘lini peshonasiga tirab, harbiychasiga salom beradi va ko‘zida jiqqa yosh bilan dadil turib, deydi:

–  Men ham katta bo‘lsam, albatta, harbiy bo‘laman! Dada, Siz kabi Vatanimizga xizmat qilaman!

Negadir shu kadrlarni ko‘rarkanman, badanim jimirlab ketdi, ko‘zlarimga yosh keldi. Turmush tashvishlari, kundalik yumushlar bilan bo‘lib, esimdan chiqay deb qolgan muqaddas tuyg‘ular qaytgandek bo‘ldi.

Shu yerda kino tugaydi. Nihoyatda mahorat bilan  olingan, ta’sirli lavhalarga boy, vatanparvarlikka da’vat etuvchi film ekan. Rejissyorning topqirligiga tan berdim.

Vatan hamma joyda, dunyoning har burjida  Vatan. Vatanga muhabbat tuyg‘usi barcha xalqlar, millat va elatlarga xos. Bu tuyg‘u xuddi onaga, ayolga muhabbat kabi qadimiy, hammaga, har birimizga qadrdon, aziz.

O‘zbekiston tinch rivojlanayotgan, o‘z taraqqiyot yo‘lidan sobit borayotgan davlat. Lekin bu tinchlik va osoyishtalikka qanchadan-qancha Vatan xizmatchilari, yigit-qizlarimizning matonatli mehnati, fidoyiligi va yurtga mehr-muhabbati, sadoqati tufayli erishilayotganini hamisha ham his qilavermaymiz. Shu yurt tinch, el farovon bo‘lsin, deb kimlardir kechayu kunduz tinim bilmay ishlayotganini hamisha ham bilavermaymiz, qadrlamaymiz.

Bugun yurtimizda Vatan himoyachilari kuni. Mustaqil O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganiga 31 yil to‘ldi.

Biz issiq uyimizda tinch va xotirjam  farzandlar qurshovida o‘tirgan, dam olayotgan paytimizda kimdir chegaralarimizda qo‘lida qurol bilan hushyor turibdi. Yurt xavfsizligi, omonligi uchun oromidan, kerak bo‘lsa, jonidan kechmoqda. Bugun ularning bayrami.

Men Vatan himoyachilari ro‘yxatiga shu qahraton sovuq kunlarda ko‘chalarimizni tozalayotgan obodonchilik xizmati xodimlarini, bayram demasdan, dam olish kuni demasdan o‘z burchini bajarayotgan shifokorlarni, kechayu kunduz tinmay xalqimizning osoyishtaligini ta’minlayotgan Ichki ishlar, Yo‘l-patrul xizmatlari, energiya tizimi xodimlarini, o‘t o‘chiruvchilarni, Toshkent shahridagi to‘yxonalarda tekinga aholiga osh tarqatayotgan homiylarni, qo‘yingki, shu Vatan yanada obod va ko‘rkam, qudratli bo‘lsin, deb oromidan kechib, yelib-yugurib yurgan barcha davlat xizmatchilarini qo‘shgim keladi… Xalq xizmatida aslo charchamanglar. Bayram muborak bo‘lsin, aziz yurtdoshlar!

Shunday qutlug‘ daqiqalarda ulug‘ shoirimizning quyidagi o‘lmas misralari xayolga keladi:

Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,

Zavol bilmas shu yoshing bilan.

Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,

Do‘stu yoring, qardoshing bilan.

Asrlarning silsilasida

Boqiy turgay koshonang sening.

Ulug‘ bashar oilasida

Mangu yorug‘ peshoang sening.

Mangu yorug‘ maskanim manim.

O‘zbekiston, Vatanim manim.

Abdujalol Taypatov, O‘zA