Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan tasdiqlangan reja asosida Taxiatosh tumani «Naymanko‘l» ovul fuqarolar yig‘inida xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashi deputati, O‘zbekiston XDP deputatlik guruhi rahbari D.Artikovning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, o‘tgan 2022 yil davomida saylovchilardan 15 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ular ijobiy hal etildi. Ushbu murojaatlar yuzasidan 12 ta deputatlik so‘rovi yuborildi.

Masalan, tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabida taekvando bo‘yicha shtat birligi ochilishiga erishilib, murabbiy Xudayberdi Utemuratov «Naymanko‘l» ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 5-umumta’lim maktabida faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, ovul hududidagi ichki yo‘llarga piyodalar yo‘lakchasi va yo‘l belgilari o‘rnatilishiga erishildi.

«Ochiq byudjet» bo‘yicha Taxaitosh tumaniga 3 milliard so‘m yo‘naltirilgan bo‘lib, deputat tomonidan tushuntirish ishlari to‘g‘ri olib borilganligi sababli hudud aholisi ovoz berishda faol ishtirok etdi va 1 milliard 500 million so‘m yutib olishiga erishildi. Natijada ovul fuqarolar yig‘ini hududi ichki yo‘llari ta’mirlandi hamda Chatrauiq aholi punkti hududiga gaz tarmog‘ini tortildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari X.Yeshimbetov ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi «2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Uchrashuv davomida fuqarolar tomonidan bir qator murojaatlar bildirildi va ularning yechimi deputat tomonidan nazoratga olindi.


Dovud Abibullayev, O‘zA