O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining muhim asosi bo‘lgan ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Tizim fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatadigan, har bir xodim Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni oliy burchi deb biladigan, barcha sa’y-harakatlarini inson qadri uchun yo‘naltirgan professional tuzilmaga aylanganini alohida ta’kidladi.

Xodimlarning xizmati yuksak e’tirof etilib, Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Davlatimiz rahbarining farmoni asosida 11 nafar ichki ishlar organlari xodimlari davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

Bayram tadbirida yuksak mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan 407 nafar xodim va faxriylar turli darajadagi idoraviy mukofotlarga sazovor bo‘ldi.  Vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevga «general-mayor» maxsus unvoni hamda 6 nafar xodimga «polkovnik» maxsus unvonlari taqdim etildi.

Tadbirda soha faxriylari, mukofotga sazovor bo‘lgan xodimlar hamda jamoatchilik vakillari so‘zga chiqib, o‘zlarining samimiy tabrik va tilaklarini bildirdi.

O‘zA