Bugun, 16-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapur Respublikasiga tashrifi oldidan ushbu mamlakatda Oʻzbekiston – Singapur biznes-forumi boshlandi.

Ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqasini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan forum iqtisodiy hamkorligimizni yanada rivojlantirish, ayniqsa, investitsiyalar jalb qilish va ishbilarmon doiralar vakillari bilan tez-tez uchrashuvlar tashkil etishga kelishib olish uchun platforma vazifasini oʻtamoqda.

– Ishonchim komilki, boʻlajak oliy darajadagi tashrif hamkorligimiz tarixida yangi sahifani ochib beradi.

Biz ushbu oliy darajadagi tadbir imkoniyatlaridan toʻliq foydalanib, uning kun taritibini istiqbolli va yuqori samarali kelishuv hamda bitimlar bilan boyitishga bel bogʻlaganmiz. Biz bu maqsadga erishish uchun singapurlik doʻstlarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz, – dedi Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov.

Oʻz navbatida Singapur tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning surʼati va samaradorligini, ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni tubdan kengaytirish imkoniyatlarini yuqori baholadi.

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-18-yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Singapurda boʻladi.

 

OʻzA