Dunyo toza energiya texnologiyalarining yangi “industrial davri”ga kirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ommaviy ishlab chiqarilgan toza energiya texnologiyalarining yillik global bozori 2030 yilga borib 650 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Bunday istiqbollar Xalqaro energetika agentligi (IEA) hisobotida bashorat qilingan. Bu ko‘rsatkichlar hozirgi global toza texnologiyalardan uch barobar ko‘proqdir.
Bundan tashqari, joriy majburiyatlar bajarilsa, 2030 yilga borib, toza texnologiyalarni ishlab chiqarishda bandlik 6 milliondan 14 million kishigacha oshishi kutilmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, transformatsiya tezlashgani sari bu sohadagi ish o‘rinlari soni ortib boradi.
Turkiyalik iqtisodchi, energetika bo‘yicha ekspert, Xalqaro energiya agentligi (IEA) ijrochi direktori Fatih Birol so‘nggi ikki yilda yangi global energiya iqtisodiyoti paydo bo‘la boshlaganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, energetika texnologiyalari bugungi iqtisodiy strategiyaning tamal toshiga aylandi.
“Har bir davlat bu boradagi imkoniyatlarini, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish yo‘llarini aniqlashi kerak. Gap milliard dollarlik iqtisod va millionlab ish imkoniyatlariga ega bozor haqida bormoqda. Yaxshi xabar shundaki, dunyo energetika sohasida toza texnologiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha jadal loyihalarni qo‘lga kirita boshladi. Agar joriy majburiyatlar bajarilsa, toza texnologiyalarga sarmoya kiritish nol emissiya maqsadiga erishish uchun qadamlarning uchdan ikki qismini yaqinlashtiradi.
Hozirgi tendensiya bizni global miqyosda belgilangan iqlim maqsadlariga yaqinlashtirmoqda”, – dedi Birol hisobotda. Resurslar xilma-xilligini toza energiya texnologiyalarini rivojlantirish orqali oshirish mumkin, deya qo‘shimcha qildi ekspert.
G.Sattorova, O‘zA