Bugun Yaponiyaning g‘arbiy qismida tezyurar yo‘lda yigirmaga yaqin avtomobil ishtirokida yirik to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Uning oqibatida 15 kishi jarohatlandi, deb xabar berdi “Kyodo news” agentligi.
Hodisa ertalab soat 9:45 atrofida Nara prefekturasining Kasixara shahrida, Keynava avtomagistralidan shahar chetidagi yo‘lga chiqish joyi yaqinida sodir bo‘lgan.
Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonalarga yetkazilganlar yengil jarohat olishgan.
Politsiya ma’lumotida uch og‘ir avtomashinadan biri bo‘lgan tanker shahar chetidagi yo‘lda svetoforda turgan mashinalar qatoriga urilgani aytiladi.
Keynava ekspress yo‘li Kioto va Vakayama prefekturalarini Nara prefekturasi orqali bog‘laydi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA