Vazirlar Mahkamasi “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq Paxta tozalashda yangi texnika va texnologiyalar, energotejamkor mashinalar va asbob-uskunalar yaratish, paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishda ilmiy- innovatsion faoliyat natijadorligini oshirish keng yo‘lga qo‘yiladi.

“Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining  ilmiy- tadqiqot organi etib belgilanadi.

Markaz quyidagi asosiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:

paxta xomashyosini tozalash uchun zamonaviy texnika va texnologiyalar, energotejamkor mashina va asbob-uskunalarning tajriba-sanoat namunalarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini hamda fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;

paxta va paxta mahsulotlari uchun xalqaro va davlatlararo standartlar bilan uyg‘unlashgan standartlarni, ularning sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash, raqamli texnologiyalar asosida tezkor va aniqlik darajasi yuqori bo‘lgan o‘lchov va sinash vositalarini, kalibrlash va sinash usullarini tekshirish uchun sohaga tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda davlat standart namunalarini ishlab chiqish;

paxtachilikka oid ilmiy ishlanma va dasturlarni tijoratlashtirish, xizmat ko‘rsatish choralarini kuchaytirish va shu asosida o‘z faoliyatini o‘zi moliyalashtiradigan tizim yaratish;

akkreditatsiya sohasiga muvofiq tarzda paxta mahsulotlari sinovlarini o‘tkazish, muvofiqlik sertifikata berish, laboratoriyalararo taqqoslash sinovlarini va raund-testlarini tashkil qilish va o‘tkazish, manfaatdor tashkilotlar uchun paxta mahsulotlari tashqi ko‘rinishining standart namunalarini tayyorlash xizmatlarini ko‘rsatish;

paxta xom ashyosini chuqur qayta ishlashga oid xalqaro sifat standartlarini tadbiq etish va sertifikatlashni rivojlantirish mexanizmlarni ishlab chiqish;

zamonaviy ilmiy-laboratoriya bazasini shakllantirish, uni ilg‘or texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish va ularning transferi bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish;

respublikada rayonlashtirilgan va istiqbolli paxta seleksiya navlarining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, ushbu yo‘nalishda samarali ilmiy yechimlarni ishlab chiqish;

yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

jahonning nufuzli universitet va ilmiy markazlari bilan xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Markaz moddiy-texnika bazasi va yetakchi olimlarining salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining bazaviy kafedralari filiallarini Markazda tashkil etish choralarini ko‘radi va 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta’lim muassasalarining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari hamda magistratura mutaxassisliklari talabalari uchun Markaz bazasida o‘quv va amaliyot darslarini tashkil etish, shuningdek, ularning bitiruv-malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari tadqiqotlarini olib borish yo‘lga qo‘yiladi. Markazning yetakchi olimlari bitiruv-malakaviy ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik ishlariga jalb etiladi.

                                                                                           O‘zA