Mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash, tarmoqlarda yangi loyihalarni amalga oshirishda uzoq va yaqin qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik muhimdir.

Bu borada Qirg‘iziston Respublikasi bilan birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmida barqaror o‘sish sur’ati kuzatilmoqda. So‘nggi 5 yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6 barobarga o‘sib, 2016 yildagi 167,5 million dollardan 2021 yilda 953,6 million dollargacha ortdi. 2022 yilda esa tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri Daniyar Amangeldiyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar 2023 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama tadbirlar, shu qatorda, oliy darajada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, amalga oshirilayotgan, jumladan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ishlab chiqilayotgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Muloqot chog‘ida qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, imzolangan hujjatlarga muvofiq Qirg‘izistondagi Qambarota GES-1 va «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Qirg‘izistonda avtomobil va tijorat avtomobillari ishlab chiqarishni tashkil etish, Jalolobod viloyatida yigiruv korxonasini ishga tushirish, ASKUE elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish va ishlab chiqarish, kalsiy karbidini ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

 

M.Komilova, O‘zA