Gazetalarni varaqlab, vaqtli matbuot – gazetalar hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylanib ulgurganini his etib turamiz.

“Yangi O‘zbekiston”da Prezident Shavkat Mirziyoyevning ko‘mir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishgani xususidagi xabar – sharh bilan tanishasiz. “Tariximiz ibrati. Buyuk bobomiz – Amir Temur dunyo xalqlari uchun qanday meros qoldirgan edi” maqolasini, albatta, o‘qing. Unda Sohibqiron bobomiz eng maqbul yo‘l – maqsadga jangsiz erishish ekanligini ko‘p isbotlaganini ko‘rasiz. Vatan himoyachilari kuni oldidan tayyorlangan ushbu maqolada o‘lmas tarix va ibrat bor. “Yuqori iqtisodiy salohiyat. Farg‘onada undan foydalanish darajasi qoniqarlimi?”, “Davlat xizmatchisi qanday fazilatlarga ega bo‘lishi lozim?” kabi maqolalarda qo‘yilgan savollarga javob o‘quvchi e’tiboridan chetda qolmaydi. “Shahar ichidagi shahar” – joylarda bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari xususida. “Ilk taqvim bitilgan siypantosh yoxud xorijlik sayyohlarni Qashqadaryo nimasi bilan maftun etmoqda?” sahifasida yurtimizning betakror manzaralari aks etgan.

“Xalq so‘zi”da davlat rahbari ishtiroki bilan bog‘liq rasmiy sharh – xabar bilan tanishasiz. Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Tinchlikka xizmat qilish – eng sharafli ish” hamda “Iste’dodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir” sahifalarida inson va jamiyat xususida so‘z boradi. “Buyuk Britaniyaning yetakchi sayyohlik nashriyoti Qoraqalpog‘istonni eksklyuziv turizm yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritdi”, “Germaniyadagi yirik xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining salohiyati namoyish etilmoqda” kabi maqolalarda O‘zbekiston va tashqi dunyo hamkorligi aks etgan. “Mevali daraxtlarni sovuqdan qanday saqlash mumkin?” maqolasi orqali shu kecha-kunduzda aktual bo‘lib turgan ba’zi savollaringizga javob olasiz.

“XXI ASR”da e’lon qilingan “Minginchi diydor” maqolasi gazeta bosib o‘tgan yo‘l, ta’bir joiz bo‘lsa, ming qadam haqida. Atoqli adibimiz Erkin A’zam: “XXI asr”ning minginchi soni chiqayotir! Demak, mushtariylari bilan ming marta yuzlashgan. Demak, ularning ko‘nglini qoldirmagandirki, minginchi bor chop etilayotir. Ofarin! Kamina ana shunday “vafodor” mushtariylar safidaman desam lof bo‘ladi. Ammo “to‘ybola”miz sahifalarini bezagan eng dovruqli materiallardan doim xabardorligimni aytib faxrlansam arziydi…” deb yozadi. “Haqiqiy bahoni xalq beradi” sahifasi ham e’tiborli. “Boshimizga ko‘tarsak, arziydigan odamlar”, “Tor joydagi tomosha” maqolalari orqali bugungi kun manzaralariga guvoh bo‘lasiz.

“Ishonch” – “Qanday go‘zal qish!.. sahifasi bilan o‘quvchilariga yuzlanadi. “Mashaqqatlarni albatta yengamiz!” sahifasida tibbiyot tizimidagi mavjud muammolar xususida so‘z boradi. “Aytishlaricha…”, “Hamshiralar nega ishga qo‘yilmadi?”, “O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilsa…”,  “Dastlabki tahlillar nimalarni ko‘rsatmoqda?” kabi smaqolalarda bugungi hayot, muammolar, ularning yechimi aks etgan. “Ular endi samoda to‘p tepishadi…” sahifasi futbol qiroli bosib o‘tgan shonli yo‘l xususida. Unda: “Samo terma jamoasi yengilmasdir. Chunki bu jamoada Pele va Maradona o‘ynaydi” degan fikrlarga duch kelasiz.

“Oʻzbekiston ovozi”da e’lon qilingan “Bu kechagi armiya emas” maqolasi e’tiborli. “Tiqilinchlar talabalar vaqtini o‘g‘irlash hisobiga hal qilinadimi?”, “Dori-darmonlar reklamasi taqiqlanishi kerak”, “Shifokor bo‘lmasangiz, qotil ham bo‘lmang”, “Migratsiya agentligi: Yevropaga ham yo‘l ochilyapti” kabi maqolalar  gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi.

“Qishloq hayoti”da e’lon qilingan “Keskin sovuqda qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorva mollari qanday asraladi?” maqolasini shu kecha-kunduzning eng muhim maqolalaridan biri deyish mumkin. “Sayhunobodda yangi mashina-traktor parki  va biolaboratoriya faoliyat boshladi”, “Ildizi yo‘q darax erta bahorda quriydi, tarashaga aylanadi”, “Chumchuqlar nega ko‘rinmay qoldi?” kabi maqolalarda qishloqlardagi asl hayot, o‘zgarishlar aks etgan. 

bugungi gazetalarni o‘qing.

 

A.Narzulloyev, O‘zA