Yelka bo‘g‘imi – tanamizdagi eng harakatchan a’zo. Uning shikastlanishi organizmda jiddiy asoratlarni keltirib chiqaradi.

Yaqin-yaqingacha yurtimizda yelka bo‘g‘imlari kasalliklarini faqat konservativ yo‘l bilan davolash imkoni mavjud edi. Yuqori texnologik muolajalar talab etilgan holatlarda esa bemorlar xorijda, asosan Hindistonda operatsiya qilingan.

Endilikda bunday noyob jarrohlik amaliyotlari o‘zimizda ham o‘tkazilyapti. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yelka bo‘g‘imlari kasalliklari yelka artroskopiyasi kabi yuqori texnologik operatsiyalar yordamida samarali davolanmoqda.

Kuni kecha mazkur muassasada shu kabi murakkab amaliyotlarning navbatdagisi o‘tkazildi. Bu galgi operatsiyaning o‘ziga xosligi shundaki, jiddiy ortopedik xastalikka chalingan bemorda bir paytning o‘zida artroskopiya va yelka-bo‘g‘imning turli tuzilmalari shikastlanishida tiklash plastikasi bajarildi.

— Avvallari yurtimizda artroskopik yo‘l bilan faqat kaminvaziv jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan, — deydi markaz shifokori Sanjar Qodirov SSV matbuot xizmatiga. — Endilikda bunday operatsiyalar yirik bo‘g‘imlarda rekonstruktiv hamda plastik muolajalar o‘tkazish imkonini berayotir.

Qolaversa, bugungi operatsiyada ilgari qo‘llanilmagan ba’zi usullar amaliyotga kiritildi. Eng muhimi, kam invaziv yo‘l bilan bajarilgan muolajadan so‘ng bemor avvalgidek odatiy hayotga qaytib, hatto, sport bilan shug‘ullanishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, o‘tgan 2022 yil Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yelka bo‘g‘imlari kasalliklari va jarohatlari bo‘yicha 25 o‘rinli artroskopiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Yaqin kelajakda bu yerda chanoq-son, oshiq-boldir, tirsak hamda kaft bo‘g‘imlarida ham artroskopik yo‘l bilan bunday noyob operatsiyalarni bajarish rejalashtirilgan.

 

O‘zA