Bugun, 11 yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Baxtiyor Saidov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Yosikava Yuumi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Suhbatda avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, turli darajalarda rejalangan tadbirlar jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi. Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan “Do‘stlik ligasi” mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgani qayd etildi.

“Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti doirasida transport, logistika, qayta tiklanadigan energiya, suvdan samarali foydalanish va ekologiya sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston va Yaponiyaning xalqaro institutlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi tasdiqlandi. Ta’lim, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish sohalarida hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

O‘zA