O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Mazkur qaror zargarlik sohasini mahalliy sanoatning asosiy drayverlaridan biriga aylantirishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga qimmatbaho metallarni tovar-xomashyo birjasi orqali 15 foizlik avans to‘lovini amalga oshirgan holda kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish tartibi joriy etiladi.

Ushbu tartib 2026 yil 1 yanvariga qadar amal qiladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 fevraldan boshlab 2026 yil 1 fevralga qadar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallarni birja savdolarida sotishda zargarlik sohasida 100 dan 300 tagacha ish o‘rinlarini yaratgan tadbirkorlik sub’ektlariga – London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining ertalabki fiksing narxining 1 foizi miqdorida, 300 dan 500 tagacha ish o‘rinlarini yaratganlarga -2 foizi miqdorida, 500 dan 1000 tagacha ish o‘rinlarini yaratganlarga -3 foizi miqdorida, 1000 ta va undan ortiq ish o‘rinlarini yaratganlarga -4 foizi miqdorida chegirma beriladi.

2023 yil 1 fevraldan boshlab, rezident va norezident jismoniy shaxslarga – qiymati 100 million so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 million so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan taqariga olib chiqishga, shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga – zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga ruxsat etiladi.

2023 yil 1 fevraldan boshlab affinaj korxonalari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar qimmatbaho metallar va tarkibida qimmatbaho metallari mavjud bo‘lgan xomashyoni bojxona hududida qayta ishlash, bojxona rejimiga joylashtirish va tarkibida qimmatbaho metallari mavjud bo‘lgan qayta ishlash mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya olish majburiyatidan ozod etiladi.

Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining hududlardagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida Italiya, Turkiya kabi xorijiy davlatlardan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, tegishli sertifikat olgan shaxslarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va asbob-uskunalarni sotib olish maqsadlari uchun 50 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratiladi.

O‘zA