FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatrida «Qushlarni kutgan bolalar» nomli yangi spektakl premerasi bo‘lib o‘tdi.

Mahoratli dramaturg Murod Begimov muallifligidagi ushbu asar rejissyor Omonkeldi Xudoynazarov tomonidan sahnalashtirildi.

Spektaklda Orolbo‘yidagi ovullarning birida uchta farzandi bilan yashaydigan onaxon obrazidagi qahramonlar gavdalanadi. Baxtiyor oila a’zolari ovulni va uning tabiatini juda yaxshi ko‘radi. Lekin, keyinchalik qurg‘oqchilik oqibatida hududdagi qushlar ovulni tark etadi. Onaxonning ikki farzandi ham shaharga ketadi. Bir necha yil onaxon farzandlarini sog‘inib, kutib yashaydi. Kenja o‘g‘li ulg‘aygach, ovulga suv olib keladi, tabiat yana uyg‘onadi. Onaxonning farzandlari ham bag‘riga qaytadi.

Ushbu sahna asari Orol fojiasi, uning oqibatlarini eslatadi. Spektakldagi asosiy g‘oya bolajonlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirish bilan birga, barchani tabiat, uning boyliklarini asrashga chorlaydi.

Spektaklda bosh qahramon obrazlarini U. Qozoqboyeva, E. Begimova, Q. Qirg‘izboyev, M. Boyniyozov, P. Kulimov, Sh. Kalomov kabi aktyorlar yuksak mahorat bilan ijro etgan.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA