Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari qurilayotgan, qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi barcha dehqon bozorlarining sanitariya-gigiyena holati, ulardagi mahsulotlarni saqlash, tashish hamda sotishga bo‘lgan sanitariya talablarini belgilaydi.

Dehqon bozorlariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablari 9 ta bobdan iborat bo‘lib, 1-bobda dehqon bozorlari hududiga bo‘lgan sanitariya talablari, 2-bobda suv ta’minoti va kanalizatsiyaga bo‘lgan talablar, 3-bobda ventilyatsiya, isitish va yoritishga bo‘lgan talablar, 4-bobda bozor xonalariga bo‘lgan talablar,  5-bobda esa asbob-uskuna va jihozlarga bo‘lgan sanitariya talablari, 6-bobda oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish, saqlash va sotishga bo‘lgan sanitariya talablari belgilangan. Shuningdek, 7-bob dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya tadbirlariga, 8-bob bozorlarda oziq-ovqat xom ashyosi va mahsulotlarini tashishga bo‘lgan sanitariya talablariga, 9-bob bozor xodimlari va sotuvchilarga nisbatan shaxsiy gigiyena talablariga oid.

Ushbu sanitariya talablariga ko‘ra, sut mahsulotlari toza idishda qabul qilinadi. Idishlar maxsus materiallardan (shisha, chinni, alyumin, bidonlar) tayyorlanishi va ular toza hamda zich yopiladigan qopqoqli bo‘lishi kerak.

Mevalar, sabzavotlar va tuzlamalar bir-biridan alohida joylashtirilgan holda sotiladi.

Tuzlangan meva va sabzavotlar faqat shu maqsadlar uchun mo‘ljallangan yog‘och, sirlangan yoki plastik idishlarda sotiladi. Xaridorlarga mahsulotlar faqat maxsus kurakchalar va cho‘michlarda olib beriladi.

Quritilgan qo‘ziqorinlarni sotish uchun alohida ilgaklar bilan jihozlangan joy ajratiladi.

Un, yorma, don mahsulotlari tagliklar ustiga joylashtirilgan toza idishlarda turishi va xaridorlarning toza idishlariga solinishi kerak.

Tez buziladigan mahsulotlar ochiq maydonlarda sovutgichlarda saqlangan holda sotiladi.

 

O‘zA