Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida yurtimizning yaqin kelajakdagi va 2023 yildagi rivojlanish strategiyasini belgilab berdi.

Shu bilan birga jamiyatimizning ko‘p sohalari qatorida ta’lim sohasiga alohida e’tibor berib, kelayotgan yangi 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildi.

Ta’kidlash joiz, ko‘p  yillardan buyon O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarda inson kapitali, qadri, insonni ulug‘lash yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz islohotlar oxir-oqibat insonning hayotini, sog‘ligini yaxshilashga qaratilgani va buning zamirida albatta ta’lim yotishini doim ta’kidlab kelganlar. O‘tgan yilgi islohotlarning davomi sifatida bu yil ham inson birinchi o‘ringa chiqyapti.

Xo‘sh, bu yilda agentlik tizimida, umuman ta’limda nima o‘zgarishlar bo‘ladi? Birinchi navbatda, har bir bitiruvchi albatta, qaysidir chet tilini bilishi, muayyan  kasb egasi bo‘lishi va shu bilan birga kreativ fikrlay oladigan va zamonaviy axborot texnologiyalarini hayotda qo‘llay oladigan kadr bo‘lib tarbiyalanishi kerakligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Buning uchun Prezidentimiz o‘qituvchilarga murojaat qila turib, “agar, bitiruvchilarimizni til biladigan, kasbni puxta egallagan, kreativ fikrlaydigan, Vatanini sevadigan va shu bilan birga zamonaviy axborot texnologiyadan foydalanadigan qilib tarbiyalasak, albatta jamiyat, butun O‘zbekiston o‘zgaradi”, degan  asosiy g‘oyani ilgari surdilar.

Agentlik tizimida ham iqtidorli o‘quvchilarga keng imkoniyatlar yaratish, asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, bu yerda bitiruvchilarning biror chet tilini bilish bilan birgalikda ma’lum bir yo‘nalishdagi fanni chuqur bilimdoni bo‘lishi va o‘zining bilimi bilan, repetitorsiz, istasa, O‘zbekiston Respublikasidagi mavjud oliy ta’lim muassasalari, istasa, jahondagi nufuzli oliy ta’lim dargohlariga bemalol o‘qishga kirishi asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi.

Shu jihatdan davlatimiz rahbarining ma’ruzalarida bugungi kunda Prezident ta’lim muassasalari tizimida joriy etilgan A-level, ya’ni jahonning 130 dan ortiq mamlakatlar tomonidan tan olingan xalqaro imtihonlar haqida aytib o‘tdilar. A-level sertifikati o‘quvchilarimizning fanlar doirasida bilimini baholash va jahonning 130 dan ortiq mamlakatidagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoniyatini taqdim etadi.  Bu bir vaqtning o‘zida o‘quvchilarning bilim darajasini o‘lchab beruvchi xalqaro mezon hisoblanadi. Ya’ni, biz faqat o‘zimizning tahlilimiz asosida o‘quvchilarimiz bilimi bilan maqtanmayapmiz, yoshlarimiz egallagan bilim hamda ko‘nikmalar boshqa mamlakatlardagi bilimni o‘lchaydigan instrumentlar orqali baholanmoqda. Bu bizning yoshlarimizga jahon standartlariga mos, jahon andozalariga muvofiq bilim berilayotganidan dalolatdir.

Agentlik tizimidagi barcha maktablar, shu qatorida bu yil tashkil etilgan 166 ta yangi maktab ham, Prezident maktablari kabi bosqichma-bosqich  ana shu darajaga yetib boradi, ya’ni ularda ham xalqaro standartlar asosida ta’lim-tarbiya berila boshlandi. Ushbu xalqaro ta’lim standartlari asosida berilayotgan ta’lim eng avvalo o‘quvchilarning olgan nazariy bilimlarini amaliyotga joriy etilishida namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish tizimi ham ilgaridan keskin farq qiladi. Ya’ni iqtidorli o‘quvchilarga imkoniyat berilyapti. O‘quvchi xohlasa, Prezident maktabiga, xohlasa ixtisoslashtirilgan maktabga, xohlasa ijod maktablariga hujjat topshirishi mumkin. Shu bilan birga, bu o‘quvchilar qaysi maktabda o‘qishidan qat’i nazar albatta, ularga xorijiy til chuqurlashtirib o‘qitiladi.

2023 yilda agentlik tomonidan yangilik sifatida ixtisoslashtirilgan maktablarimizga ikkinchi xorijiy til ham kiritilmoqda. Ya’ni, ma’lum bir hududda ota-ona va o‘quvchi xohish istagi hamda pedagogik salohiyat inobatga olingan holda ikkinchi xorijiy tilni o‘qitish amaliyoti joriy qilinadi. Bunda birinchi navbatda o‘zbek tili, ingliz tili va ikkinchi xorijiy til sifatida fransuz, nemis yoki sharq tillaridan bo‘lgan xitoy, koreys tillarini yoki ota-onalar va o‘quvchilar xohishiga asosan boshqa xorijiy tillarning joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Hozirda bu borada agentlik Fransiya elchixonasi bilan, Xitoy, Koreya ta’lim markazlari bilan hamkorlik ishlarini olib bormoqda. Ikki tomonlama hamkorlik natijasida Fransiyadan fransuz tili o‘qituvchilari va bizning mentalitetimizga, bizning urf-odatimizga to‘g‘ri keladigan darajadagi darsliklar olib kelinishi kutilmoqda. Shu tarzda 2023 yildan boshlab, bosqichma-bosqich barcha maktablarimizda 2-xorijiy tilni o‘rgatishni boshlaymiz.

Prezidentimiz Murojaatnomasida ta’kidlab o‘tilganidek, har bir bitiruvchimiz ma’lum bir chet tilini bilishi bilan birgalikda, albatta o‘z ona tilini chuqur bilishi shart. Ana shu jihatdan ham o‘quvchilarimizga o‘zbek tili va adabiyotini o‘rgatish hamda o‘zbek tili va adabiyotiga mehr qo‘yishiga ham alohida e’tibor beriladi. Shu maqsadda  agentlik tomonidan Kembrij tashkiloti bilan hamkorlikda chet tili, biologiya, kimyo va boshqa darsliklar tayyorlash bilan bir qatorda, ona tili va adabiyot darsliklari ham xorijiy ilg‘or texnologiyalari asosida yaratilmoqda.

2022-2023 o‘quv yilida 70 mingdan ortiq o‘quvchilar agentlik tizimidagi ixtisoslashgan maktablarda ta’lim olayotgan bo‘lsa, kelgusi o‘quv yilidan, ya’ni 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab bularning safi yanada kengayadi.

Murojaatnomada alohida ta’kidlanganidek, yurtimiz bo‘ylab yangi maktablar quriladi va mana shu maktablarda iqtidorli o‘quvchilar qamrovi kengaytiriladi.

Albatta, davlat rahbari tomonidan ta’kidlanganidek, bu jabhada faqatgina dastur yoki darsliklarni o‘zgartirish bilan ish bitmaydi. Ta’lim tizimini isloh etishda o‘qituvchilarning ham obro‘sini oshirish, ularning o‘z ustida ishlash jarayonlariga ham alohida e’tibor beriladi.

Xususan, bugungi kunda agentlik tizimida faoliyat olib borayotgan qariyb olti yarim mingdan ortiq o‘qituvchilar o‘zining ustida muntazam ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Jumladan, ularning kasbiy rivojlanishlari uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda  seminar-treninglar tashkil etilmoqda va bu uzviy davom etadi.

bugungi kunda ham xorijiy hamkorlarimiz bo‘lgan mamlakatlardagi nufuzli institut, maktab va malaka oshirish dargohlariga pedagog-kadrlarimiz doimiy ravishda jo‘natilmoqda.

 

Dilshod KENJAEV,  

Prezident ta’lim muassasalari agentligi  

direktorining birinchi o‘rinbosari  

O‘zA