Bugun Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev buyuk qozoq shoiri Abay Qo‘nonboyev merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma doirasidagi ekspozitsiya bilan tanishdilar.

Abay qozoq xalqining asriy orzularini, adolat,  insonparvarlik va qardoshlik g‘oyalarini tarannum etgan. Uning she’riy asarlari va noyob “Nasihatlar” kitobiga jamlangan hikmatli so‘zlarini o‘qib, XIX asr oxirlarida qozoq dashtlaridagi turmush haqida aniq tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Davlat rahbarlari Qozog‘iston muzeylaridan keltirilgan noyob eksponatlar, jumladan, Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodiga oid tarixiy ashyolar, fotosuratlar, kitoblar bilan tanishdilar.

Abayning uch torli do‘mbirasi, Qo‘nonboyning do‘ppisi, qo‘lyozmalari, adib va uning oilasi tasvirlangan fotosuratlar tomoshabinlarda qiziqish uyg‘otdi.

Prezidentlar ko‘rgazma bilan tanishib, mamlakatlarimiz madaniy hayotidagi ushbu muhim tadbirni tayyorlashga hissa qo‘shganlarga minnatdorlik bildirdilar. Bunday tadbirlar do‘stlik rishtlarimizni mustahkamlashga xizmat qilib, o‘zbek xalqida qardosh qozoq xalqining tarixiga qiziqish g‘oyat balandligidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Ta’kidlash joiz, shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab Abay Qo‘nonboyev merosiga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tmoqda.