O‘tgan yili Belarus, Bangladesh va Hindiston Rossiyaning eng yirik qarzdorlariga aylandi, Eron esa so‘nggi 30 yil ichida birinchi marta kredit oldi. Bu haqda “RIA Novosti” Jahon banki ma’lumoti tahliliga tayanib xabar bermoqda.

Minskning Moskva oldidagi qarzi yil davomida 1,9 foiz oshib, 8,5 milliard dollarga yetdi. Bu borada Bangladesh avvalgi yilga nisbatan, deyarli, uchdan bir barobar ko‘paygan 4,4 milliard dollar “ko‘rsatkich”i bilan ikkinchi o‘rinda. Hindistonning Rossiyadan qarzi 11,7 foiz oshib, 3,3 milliard dollarga yetdi.

Ro‘yxatning keyingi qatorlarida Vetnam (1,5 milliard), Yaman (1,17), Afg‘oniston (1,16) va Misr (867,2 million dollar) qayd etilgan. Ayni payt O‘zbekistonning RF oldidagi tashqi qarzi 254,7 million dollarga teng ekan.

1990-yillar boshidan beri endi Rossiya qarzdorlari ro‘yxatida paydo bo‘lgan Eronning qarzi olti million dollar. Jahon banki ma’lumotida bungacha Tehronning Moskva oldidagi qarzi oxirgi marta 1992 yil ko‘rsatilgani aytilgan. O‘shanda bu raqam 251,3 ming edi.

O‘zA