“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor faolligini oshirish hamda aholini arzon va sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlashdagi muammolar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda NNT, xususiy tibbiyot tashkilotlari vakillari va sohada kadrlarni yetishtirishga mas’ul bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov sog‘liqni saqlash tizimida sifatli va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sohada xususiy sektor faolligini oshirish hamda aholiga arzon va sifatli dori-darmonlar yetkazib berish borasida amalga oshirilgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.
– Harakatlar strategiyasi doirasida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida byudjetdan ajratilgan mablag‘lar 2017 yildagi 7,3 trillion so‘mdan 2021 yilga kelib 24,7 trillion so‘mga, shifokorlarning o‘rtacha oylik maoshi 1131,2 ming so‘mdan 3282,7 ming so‘mga, hamshiralar maoshi 692,1 ming so‘mdan 2008,6 ming so‘mga, dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘lar 4,5 barobarga oshirildi, – dedi E.Tulyakov. – So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlashda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar natijasida xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 4 000 tadan 7 049 taga yetdi. Ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Jumladan, ayni kunda xususiy tibbiyot tashkilotlariga 126 ta tibbiy ixtisoslik bo‘yicha litsenziya olishlariga imkoniyat yaratildi, avvallari ular atigi 50 turdagi xizmat ko‘rsatish huquqiga ega edi.
2021 yildan xususiy tibbiyot muassasalariga transplantologiya kabi murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazish, “Hamshiralik ishi” va “Mobil tibbiyot”ni tashkil etish uchun ham ruxsat berildi.
Shuningdek, tadbirda ishtirokchi ekspertlar tomonidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham sohani taraqqiy ettirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida islohotlarni tizimli davom ettirishga oid bir qator maqsadlar belgilanganligi ta’kidlandi.
Jumladan, Taraqqiyot strategiyasida tibbiy xizmatlardagi xususiy sektor ulushini 25 foizga yetkazish, dori vositalari va tibbiy buyumlarga davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘larni 3 barobarga oshirish, dori-darmon va tibbiyot vositalari ishlab chiqarish ulushini 80 foizga yetkazish, aholini tibbiy sug‘urtalash tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish, elektron retsept tizimini keng joriy etish, dori vositalari narxlariga rioya etilishini onlayn kuzatishning axborot tizimini yaratish kabi maqsadlar belgilangan.
Shu o‘rinda xalqaro tajribaga nazar soladigan bo‘lsak, aksariyat rivojlangan davlatlarning sog‘liqni saqlash tizimidagi muvaffaqiyati xususiy tibbiyot tizimining rivojlanishi bilan izohlanadi. Sababi, raqobat bor joyda xizmat ko‘rsatish sifati oshib, ilg‘or xorijiy texnologiyalar sohaga joriy etib boriladi.
Qolaversa, xususiy sektor davlatning tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash yukining bir qismini o‘ziga olgan holda, xalqimizning ushbu xizmatlardan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga ham xizmat qilmoqda.
Davra suhbati yakunida soha mutaxassis va ekspertlari tomonidan aholi uchun sifatli va malakali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarni amalga oshirish hamda mavjud to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan takliflar bildirildi.
O‘zA