Ushbu ma’lumot Toshkent shahridagi INXA universitetida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Koreyaning elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorligiga bag‘ishlangan forumda aytib o‘tildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Jamshid Egamberdiyev BMT “Elektron hukumat” taraqqiyot indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston 2022 yil 193 davlat orasida 69-o‘rinni egallab, 2020 yilga nisbatan 18 pog‘ona yuqorilaganini ta’kidladi.

Anjumanda O‘zbekiston —Koreya munosabati e’tirof etilib, bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada jadallashtirish ma’qullandi. Jumladan, Koreya Respublikasi ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda texnoparklar, innovatsion markazlarni rivojlantirish va samarali boshqarish yo‘nalishida sheriklikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, inson kapitali IT-industriyani rivojlantirishning muhim omili ekanini hisobga olib, O‘zbekiston va Koreya ixtisoslashtirilgan universitetlari o‘rtasida axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim sohasidagi hamkorlik yanada kengaytiriladi.

Tadbir doirasida sun’iy intellekt va aqlli shahar yo‘nalishida ham hamkorlikni rivojlantirish, birinchi navbatda, ilg‘or tajribani o‘zlashtirish va birgalikda harakatlanish nuqtalarini aniqlash masalalari muhokama qilindi.

Elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida tajriba almashish dasturlari, malaka oshirish kurslari sonini ko‘paytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zA