O‘zbekiston va Fransiya davlatlari rahbarlari tomonidan Fransiyaning Luvr muzeyida ochilgan “O‘zbekiston vohalarining mo‘’jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari” nomli ko‘rgazmalar sharq matbuoti sahifalarida keng yoritilmoqda.

O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan, nodir buyumlar jamlangan birinchi ko‘rgazma ko‘plab muxlislarni jalb etayotgani bejiz emas. Luvrdagi namoyish eramizdan avvalgi V-VI asrdan Temuriylargacha bo‘lgan davrni qamrab olgan. Arab dunyosi namoyishida esa XIX-XX asr o‘rtalariga oid eksponatlar, shuningdek, O‘zbekiston davlat muzeyi to‘plamidagi Turkiston avangardi yo‘nalishiga oid mo‘yqalam asarlari jamlangan.

BAA “WAM” axborot agentligi, Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi – unaoic.org,  Misr va Yaqin Sharqdagi keng qamrovli elektron gazeta “Al-Asima” (elasimah.com), “Ash-Sharq Al-Avsat” xalqaro arab gazetasi (aawsat.com), BAA, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniyada ofislari mavjud “NABD” (nabd.com) arab yangiliklari agregati kompaniyasi saytlarida mazkur ikki yirik ko‘rgazma haqidagi materiallarga alohida e’tibor qaratilgan. Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi va madaniyati, mintaqa tarixiy durdonalarining Yevropadagi namoyishi urg‘ulangan.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA