Qozog‘iston va Rossiya Prezidentlari Qosim-Jomart Toqayev va Vladimir Putin Moskvada uchrashib, ikki tomonlama munosabatning bugungi holati, kelajagi hamda xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Muzokara natijasida ikki davlat rahbari Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi deklaratsiyani imzoladi, deb xabar berdi “Akorda” matbuot xizmati.

Axborotda, jumladan, “Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan deklaratsiya qabul qilindi”, deyiladi. Hujjatning bir bandida “Rossiya va Qozog‘iston yadro urushida g‘olib bo‘lishi mumkin emasligi va hech qachon bu masalani qo‘zg‘atmasligi kerak”ligi ta’kidlangan.

“Rossiya va Qozog‘iston teng, ajralmas xavfsizlik tamoyiliga asoslanib, milliy manfaatga javob beradigan, boshqa davlatlarga qarshi qaratilmagan harbiy-siyosiy, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantiradi”, deya qayd etiladi deklaratsiyada.

Shuningdek, bu ikki davlat ittifoqchilik munosabatini mustahkamlash uchun mamlakatlar tarixini soxtalashtirish, qayta yozish va “qoralash” bo‘yicha hech qanday urinishni qabul qilmaydi. Ikkinchi jahon urushi haqidagi tarixiy haqiqatni avaylab-asraydi.

Tashrif davomida Toqayev Qozog‘iston va Rossiya 28-mintaqalararo hamkorlik forumida ham ishtirok etdi.