“Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida hokimiyat tepasiga kelishi bilan O‘zbekiston o‘zining mutlaqo yangi rivojlanish davriga o‘tdi. Davlat boshlig‘i asosiy e’tiborni ichki va tashqi siyosatga, ochiqlik hamda Markaziy Osiyo, Rossiya, Xitoy davlatlari va AQSH bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatish choralarini amalga oshirishga qaratdi. Xalqaro tashkilotlar bilan, eng avvalo, BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari, Jahon Banki, YeTTB bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Qat’iy siyosiy iroda va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatda bolalar va majburiy mehnatga to‘liq barham berishga erishildi.”
Bu fikrlar Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiolaning “Paxta dalalarida ishonchning mustahkamlanishi: Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi faoliyati” nomli monografiyasida bitilgan.
Aytib o‘tish kerakki, K.Tapiola 2010-2019 yillarda XMT Maxsus maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan va o‘sha yillarda bir necha marta O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Toshkent shahrida mazkur monografiyaning taqdimoti o‘tkazildi. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Senat raisi T.Norboyeva Prezident boshchiligida mehnat munosabatlari tizimida amalga oshirilgan islohotlar, xususan, majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish borasida qilingan ishlar natija ko‘rsatganini qayd etdi.
O‘zbekistonning XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorligi mehnat munosabatlari tizimi mustahkamlanishi va rivojlanishiga xizmat qildi.
Mazkur sohada o‘nta yuqori ko‘rsatkichga erishildi. Jumladan, mavjud muammolar belgilab olinib, ular keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga ochiq e’lon qilindi. Tez fursatda ularning yechimi bo‘yicha amaliy ishlar bajarildi. Inson huquqlarini ta’minlashning o‘ziga xos mutlaqo yangi tizimi yaratildi hamda mamlakatda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha uch bosqichli tizim (Milliy komissiya – kichik komissiyalar – hududiy komissiyalar) shakllantirildi.
Xalqaro normalar asosida me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirildi, fuqarolik jamiyati vakillari monitoring faoliyatini olib borishda asosiy lokomotiv kuchga aylandi. Xalqaro nohukumat tashkilotlari vakillari bilan mehnat masalalari bo‘yicha muloqot va hamkorlik kengaytirildi va o‘zaro ishonch mustahkamlandi. Bundan tashqari, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni tizimli qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Qishloq xo‘jaligi tizimi isloh qilindi, klaster tizimi yaratildi, bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berildi.
Muhimi, o‘zbek paxtasiga boykot bekor qilinib, AQSH Mehnat vazirligi o‘zbek paxtasini «Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxati»dan chiqardi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar tomonidan mehnat munosabatlari sohasida erishilgan natijalar va bugungi kunda XMT bilan hamkorlikda munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro maydonda yuksak e’tirof etilishi va bu borada O‘zbekistonning milliy tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.
Bular monografiyada ham o‘z aksini topgan bo‘lib, unda O‘zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashish, mehnat huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish, mehnat sohasiga oid xalqaro standartlarni joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar va natijalar keng yoritilgan.
Tadbirda XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori O.Kulayeva, XMT Bosh direktorining sobiq maslahatchisi K.Tapiola va qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari mazkur muhim nashr yuzasidan fikrlarini bayon qilib, mehnat sohasida O‘zbekiston erishgan yuksak natijalarni xalqaro maydonda targ‘ib qilish muhimligini ta’kidladi.
N.Abduraimova,
O‘zA