Termizda harbiy xizmatchi vafot etgani yuzasidan rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Termizda harbiy xizmat o‘tayotgan qarshilik yigit vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti vazirlikning bu boradagi rasmiy munosabatini e’lon qildi:
Termizdagi harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan oddiy askar K.Q. sog‘ligi bo‘yicha shikoyat qilganligi sababli 11 noyabr kuni Markaziy harbiy klinik gospitalga yotqizilgan.
Tibbiy tekshiruvlar natijasida bemor K.Q. «yurakning o‘ng bo‘lmachasida kontrast to‘ldirish defekti (tromb), ko‘ks oralig‘ida hajmli xosila, ikki tomonlama gidrotoraks» aniqlangan. 14 noyabr kuni bemor shoshilinch ravishda «American Hospital» klinikasida kardioxirurg konsultatsiyasiga olib borilgan.
Bemor hayoti uchun tashxis va jarrohlik operatsiyasi o‘ta xavfli hisoblanadi. Ammo hayotiy ko‘rsatmalarga asosan jarrohlik operatsiyasini bajarish lozimligi sababli klinikada gospital mutaxassislari ishtirokida jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan.
Bemorning umumiy ahvoli o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasiga mos ravishda og‘irligicha qolgan. O‘tkazilgan reanimatsion chora tadbirlarga qaramasdan bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.
O‘zA