Turkmaniston parlamenti quyi palatasi (Mejlis) bir qator shahar, tuman va qishloqlarni qayta nomlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu joylar mamlakatning birinchi Prezidenti Saparmurot Niyozov va uning onasi Gurbansulton eje nomi bilan yuritib kelinardi. Mejlisning ushbu qarori yakshanba kuni chiqadigan “Neytralniy Turkmenistan” gazetasida e’lon qilindi, deya xabar bermoqda “TASS” agentligi.

Hujjatda yozilishicha, o‘zgartirish davlat hududiy-ma’muriy tuzilishini yanada takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, aholi yashaydigan maskanlarni iqtisodiy rivojlantirish maqsadida shahar, tuman va viloyatlar ma’muriyati tavsiyasi hisobga olingan holda amalga oshirilmoqda.

Jumladan, qarorga muvofiq, S.A.Niyozov nomidagi tuman, Shabatdagi Niyozov shahri, Bedirkentdagi Saparmurot Niyozov nomli qishloq kengashi, Giziljagaladagi Gurbansulton eje nomidagi qishloq kengashi, Gallachidagi Saparmurot Niyozov nomli qishloq va Andalipdagi Gurbansulton eje shahri qayta nomlanadi. Bundan tashqari, Otamurot og‘a (Saparmurot Niyozovning otasi) qishlog‘i endi Galaligir, deb nomlanadi.

Mamlakatning hududiy-ma’muriy tuzilishini yanada takomillashtirish maqsadida 20 dan ortiq aholi yashaydigan manzil qayta nomlanadi. Shuningdek, oltita tuman, tuman maqomidagi besh shahar va bir necha aholi maskani ham ma’muriy-hududiy birliklar ro‘yxatidan chiqariladi.

Turkmanistonning birinchi Prezidenti, “Turkmanboshi” faxriy maqomiga ham ega Saparmurot Niyozov davlatni 1990-2006 yillarda boshqargan.