Mamlakatimizda noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kuni etib belgilangan. Bu yil ushbu sana 13 noyabr kuniga to‘g‘ri keldi. Yurtimiz tibbiyotchilarining asosiy bayram tantanalari Samarqand shahrida o‘tkazildi.
Viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan kelgan bir guruh fidoyi, ko‘p yillik tajribaga ega va iste’dodli yosh tibbiyot xodimlari, soha faxriylari dastlab Samarqand shahridagi muqaddas qadamjo va tarixiy obidalarni ziyorat qildi. Qadimiy kentda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, yaqinda foydalanishga topshirilgan va bir qator nufuzli xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik markazi va bu yerda yaratilgan sharoit, imkoniyatlar mehmonlarda qatta taassurot qoldirdi. Xalqaro kongress markazi, “Boqiy shahar” majmuasi va jahon standratlariga mos mehmonxonalar tibbiyotchilarga manzur bo‘ldi.
– Bu yilgi bayramni Samarqandda nishonlayotganimizdan juda xursandman, – deydi Respublika qon quyish markazining qon va uning komponentlarini tayyorlash bo‘limi transfuziologi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Mashkura Muxamedova. – Shahar yana ham obod, ko‘rkam bo‘libdi. 44 yildan buyon shu zahmatli kasbda faoliyat yuritib davlatimizning, xalqimizning hurmat-ehtiromiga sazovor bo‘lganimdan faxrlanaman. Bugun ko‘rsatilayotgan e’tibordan esa boshim osmonga yetdi.
Bayram tantanasi yangidan rekonstruksiya qilingan Samarqand viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasi xodimlariga bayram tabrigini Prezident maslahatchisi O.Abdurahmonov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda har bir fuqaro uchun yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat tizimini yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilanib, bu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
“Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni jamiyatimiz hayotida to‘la ro‘yobga chiqarish maqsadida keyingi vaqtda yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan muntazam uchrashib, oldimizda turgan vazifalar va dolzarb muammolarning yechimlari haqida fikrlashib olish ibratli an’anaga aylandi.
Joriy yilda sizlar bilan o‘tkazilgan muloqotlarimiz ham har tomonlama foydali bo‘ldi. Buning natijasida 2022 yilda sohaga oid yigirmadan ziyod qonun, farmon va qarorlar hamda boshqa zarur me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, davlatimiz rahbari bugun tibbiyot xizmati bevosita mahallalarga, har bir yurtdoshimizning xonadoniga kirib borayotgani, yuqori malakali shifokorlar, olim va mutaxassislar joylarga chiqqan holda, og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarning salomatligini tiklashga munosib hissa qo‘shayotganini e’tirof etgan.
Ana shu sa’y-harakatlar tufayli hududlar bo‘ylab o‘tkazilgan salomatlik aksiyalari davomida 210 ming nafar yurtdoshimiz ambulator va 65 ming nafari statsionar sharoitda sog‘lomlashtirildi.
Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida birgina 2022 yilda joylarda 100 dan ziyod oilaviy shifokorlik punkti, poliklinikalar hamda olis va chekka hududlarda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Buning natijasida qo‘shimcha ravishda yana 3,5 million aholini birlamchi tibbiy xizmat bilan qamrab olishga erishildi.
Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash o‘rinlari tashkil etilib, 740 ming kishi bevosita o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Oilaviy shifokorlar tomonidan aholiga bepul tarqatiladigan 70 xildagi dori-darmonlar uchun mablag‘lar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 3 barobarga oshirildi. Birlamchi tibbiyot muassasalari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlanmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, har bir fuqaroning sog‘lig‘ini asrab-avaylash, ularni malakali tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish masalalari bundan buyon ham ustuvor vazifa bo‘lib qolishi tabrikda alohida qayd etilgan.
Prezidentimizning 2022 yil 11 noyabrda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Marosimda ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
– Qo‘shko‘pir tumanining eng olis G‘azobod qishlog‘ida joylashgan muassasamiz 18 mingdan ortiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi, – deydi Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 23-oilaviy poliklinika mudiri, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi Mehribon Yusupova. – 4800 nafar fertil yoshdagi ayollar, 372 nafar bir yoshgacha bo‘lgan bolalar bor. Keyingi yillarda birlamchi bo‘g‘inga alohida e’tibor qaratilishi, muntazam tibbiy ko‘riklar o‘tkazilishi natijasida mazkur toifada uchraydigan turli kasalliklar kamaydi. Oxirgi besh yil davomida nogironlik, onalar va bolalar o‘limi qayd etilmadi. Xalqimizning ham tibbiy madaniyati ancha oshdi. Bayram munosabati bilan davlat mukofoti bilan taqdirlanganim poliklinikamiz jamoasi mehnatiga berilgan yuksak baho, ishonch deb bilaman. Bu ishonchni, albatta, o‘z mehnatimiz bilan oqlaymiz.
– Prezidentimiz xorijda ishlab yurgan mutaxassislarni yurtimizga taklif qilganlaridan ruhlanib, 2018 yilda Rossiyadan qaytib kelganman va tibbiyot markazimizda yangi tashkil etilgan kardioxirurgiya bo‘limida ish boshlaganman, – deydi Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining kardioxirurgiya bo‘limi mudiri, “Shuhrat” medali sohibi Javlonbek Muydinov. – Viloyat hokimligi uy-joy bilan ta’minladi, xorijdagi singari murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarishimiz uchun zarur tibbiy jihozlar olib berildi. Buning natijasida shu paytgacha bolalarda uchraydigan yurak xastaliklari bilan bog‘liq mingdan ziyod operatsiya o‘tkazdik. Shuncha bolaga, ularning oilasiga quvonch bag‘ishlaganimizdan g‘ururlanamiz. Ana shu xizmatlarimizni e’tiborga olib, davlat mukofotiga loyiq ko‘rgan Prezidentimizdan minnatdormiz.
Tadbirda Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev va davlat mukofoti bilan taqdirlangan tibbiyot xodimlari soha amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Tantanali marosimda yurtimiz san’at ustalari va yoshlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV va J.QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA