Poytaxtimizda 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu bayram Toshkent shahri markazida yurtimiz madaniyati va san’atida o‘ziga xos o‘rin tutgan  tarixiy bino – sobiq Sverdlov nomli konsert zali binosi negizida qaytadan barpo etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyining tantanali ochilishi bilan uyg‘un nishonlandi.

Bayram tadbiriga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, uning hududiy kengashlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, turli tashkilot va idoralar, vazirliklarning mutasaddilari, nuroniylar, mehnat faxriylari, kasaba uyushmalari faollari, turli sohalarda faoliyat olib borayotgan kasaba uyushmalari faollari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan soha faollariga yo‘llagan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov o‘qib eshittirdi.

Yurtboshimiz tabrigida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining ham munosib hissasi bor. Mehnatkashlar manfaatlarini himoyalash, ularni kuchli ijtimoiy muhofaza etishning yangicha tizimi yaratildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi davlat va xalq o‘rtasidagi mustahkam va ishonchli ko‘prikka aylanib bormoqda.

Mazkur jamoat tuzilmasi tomonidan yurtimizda kechayotgan yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlovchi,  ijtimoiy-ma’rifiy loyihalar olib borilmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi eng yetakchi jamoat tashkiloti sifatida maydonga chiqishida,  xalqda yanada ko‘proq obro‘-e’tibor qozonishida  asosiy omil bo‘lmoqda. Tabrikda qayd etilganidek, bundan buyon  11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi bilan birga mehnatkashlar uchun dam olish kuni deb belgilandi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi “Inson qadri uchun!” g‘oyasini dadil amalga oshirishda munosib hissa qo‘shayotgan eng faol jamoat tuzilmasiga aylandi. Ushbu tashkilot mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini, mehnat sohasidagi huquqlarini  himoyalashda tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

– Ushbu tadbirda Prezidentimizning tabrigini diqqat bilan tingladik, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. – To‘yga to‘yona bo‘lganidek, ushbu muhtasham binoning qayta ochilgani barchamizga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Bu yerda bir paytlar ustozlarimiz, jahon  yulduzlari o‘z san’atini namoyish etgan edilar. Ushbu san’at maskanining yana qaytadan tiklangani mehnatsevar xalqimiz, milliy san’atimizga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir.

– O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi “Do‘stlar klubi” a’zosi sifatida “Bahor” raqs ansamblini ham doimiy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratmoqda, – dedi ustoz raqqosa, O‘zbekiston xalq artisti Ma’mura Ergasheva. – Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida qayta tiklangan mazkur binoning O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi sifatida faoliyat boshlagani, unda el suygan san’atkorlar yana o‘z mahoratini namoyish etishi xalqimiz uchun katta tuhfa bo‘ldi.

Keyingi yillarda Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, shuningdek, kasaba uyushmalari harakati rivojiga munosib hissa qo‘shgan eng faol, fidoyi va tashabbuskor hamyurtlarimiz mehnatini rag‘batlantirish yaxshi an’anaga aylandi. Tantanali tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan turli ijtimoiy loyihalar va ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.

Dastlab bolalarni sog‘lomlashtirish va dam oldirish mavsumi tashkilotchilari, xususan, “Eng namunali statsionar bolalar oromgohi” sifatida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati tasarrufidagi “Ishonch” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi, Federatsiyaning Surxondaryo viloyati kengashi tasarrufidagi “Beshbuloq-Surxon-Sherobod” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi hamda “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyatining “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” tasarrufidagi “Nihol” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga mukofotlar topshirildi.

Shundan so‘ng, “Bolalar oromgohini namunali tashkil etgan korxona” nominatsiyasida g‘olib topilgan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Bolalarning yozgi sog‘lomlashtirish mavsumini namunali tashkil etgan hudud” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Toshkent shahar kengashi, “Yoz mavsumida faol ishtirok etgan ishchi guruh” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Oromgohlarda jamoat tartibini saqlash, aloqa, transport xizmati va harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Ishchi guruhi taqdirlandi. Barcha g‘oliblarga diplom, statuetka va noutbuklar topshirildi.

Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lidagi yangilanishlarda faol ishtirok etayotgan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ehtirom” nishoni bilan taqdirlandi. Ularga “Ehtirom” nishoni, eng kam oylik ish haqining 3 yarim barobaridagi pul mukofoti va guvohnoma topshirildi.

Ma’lumki, o‘tgan yili “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati” mukofoti ta’sis etilgandi. Bu mukofot ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport, shuningdek, kasaba uyushmalarining nufuzini oshirishga hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash uchun ta’sis etilgan. Tantanali tadbirda ushbu mukofotlar ham o‘z egalariga topshirildi.

Shundan so‘ng kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylar, Davolash profilaktika markazida mehnat qilayotgan eng fidoyi xodimlar “Eng yaxshi shifokor”, “Eng yaxshi hamshira”, “Eng yaxshi pazanda”, “Eng yaxshi sanatoriy” nominatsiyalarda rag‘batlantirildi. Shuningdek, hamkorlar va tizimdagi tashkilotlarda alohida faollik ko‘rsatgan yilning eng yaxshi xodimlari “Eng yaxshi qurilish tashkiloti rahbari”, “Eng yaxshi quruvchi”, “Eng yaxshi muhandis”, “Eng yaxshi qurilish nazoratchisi”, “Eng yaxshi loyihachi”, “Eng namunali qurilish xodimi”, “Eng yaxshi o‘qituvchi”, “Eng yaxshi jurnalist”, “Eng yaxshi hududiy muxbir”, “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyalarida taqdirlandilar.

Ularga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. “Eng yaxshi sanatoriy” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan Abu Ali ibn Sino sanatoriysiga esa Federatsiyaning Sanator-kurort boshqarmasi mablag‘lari hisobidan 100 million so‘m ajratildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi asosida joriy etilgan “Ayollar daftari” ijtimoiy loyihasi xalqaro miqyosda ham katta qiziqish uyg‘otib, ibrat bo‘lmoqda. Shu yilning may-oktyabr oylarida “Ayollar daftari” tizimi orqali 626 ming 910 nafar (97,2 foiz) xotin-qizga amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Jumladan, 210 ming 635 nafar ayolning bandligi ta’minlandi. 42 ming 709 nafar xotin-qizning kredit olishi ta’minlanib, o‘z tadbirkorligini boshlashga imkon yaratildi.

Bu ezgu ishlarda barchaga o‘rnak bo‘layotgan, ayollar muammolari hal etilishiga salmoqli hissa qo‘shayotgan xodimlarni munosib rag‘batlantirish maqsadida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yurtimiz mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari o‘rtasida “Eng yaxshi mahalla raisi”, hududlardagi sektor rahbarlari o‘rtasida “Eng yaxshi sektor rahbari”, gender siyosati va yurtimiz hayotidagi ayollar rolini oshirish borasidagi ishlarni namunali tashkil etgan korxona rahbarlari o‘rtasida “Eng namunali ish beruvchi ayol”, bandlikni ta’minlash va tadbirkorlik rivojida munosib hissa qo‘shayotgan hokim yordamchilarini taqdirlash maqsadida “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovlari ta’sis etildi.

Shu bilan birga yoshlar muammolarini hal etishga hissa qo‘shayotgan yoshlar yetakchisi uchun “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi”, mahallalardagi faol xotin-qizlarni rag‘batlantirish maqsadida “Eng yaxshi xotin-qizlar faoli”  tanlovlari o‘tkazildi.

Ushbu tanlovlarda 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblarga III-darajali diplom,  Prezident sovg‘asi sifatida “Spark” avtomobili, 2-o‘ringa munosib bo‘lgan g‘oliblarga II-darajali diplom va Prezident sovg‘asi – “Kobalt” avtomobili, 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan g‘oliblarga esa I-darajali diplom va Prezident sovg‘asi sifatida “Jentra” avtomobillarining kalitlari topshirildi. San’at ustalarining katta konserti namoyish etildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov, Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin

-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.

 

Nazokat Usmonova,  

Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA