O‘zbekiston - Tojikiston: Banklar manfaatli kelishuvga erishdi

Ayni vaqtda har bir yurtdoshimizning diqqat-e’tibori O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi muzokaralarning borishiga qaratilgan.

Bu boradagi yangiliklardan biri O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Tojikiston Respublikasining «Amonatbonk» Davlat omonat banki o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga doir hujjatlar imzolanganidir.

Xususan, hamkorlikni mustahkamlash va banklararo hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish maqsadida «Vakillik munosabatlarini o‘rnatish bo‘yicha banklararo shartnoma» imzolandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan Tojikiston Respublikasiga tovarlar va xizmatlar eksporti bilan bog‘liq bitimlarni moliyalashtirishni nazarda tutuvchi «Savdoni moliyalashtirish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv» tuzildi.

Mazkur hujjatlar doirasida taqdim etilayotgan kredit liniyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasidan to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, maishiy kimyo mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, avtomobilsozlik, kimyo va boshqa sohalarda yo‘nalish tovarlar va xizmatlar eksportini ko‘paytirish maqsadida savdoni moliyalashtirish loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

 

O‘zA