Prezident Virtual qabulxonasi orqali Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimiga 2022 yilning 9 oyi davomida 24 ming murojaat kelib tushgan. Ularning 14 mingtasi qanoatlantirilgan, 9 mingtasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan, mingtasi esa ko‘rib chiqish jarayonida.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda qayd etildi. Unda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va “O‘zsuvta’minot” AJning Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish hamda ichimlik suvi ta’minoti masalalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarning hal etilayotgani to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

– 2022 yilning 9 oy davomida kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, ichimlik va oqava suv ta’minoti bo‘yicha 19 mingta (79 foiz), uy-joylarni saqlash va ta’mirlash boshqarish organlarining faoliyati bo‘yicha 4 mingta (18 foiz), issiqlik ta’minoti bo‘yicha mingta (3 foiz) murojaat ro‘yxatga olingan, – dedi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi Sohib Saifnazarov. – Oxirgi yillarda ichimlik suv ta’minoti sohasida murojaatlar kelib tushishi keskin ortganligi sababli davlatimiz rahbari tomonidan ushbu yo‘nalishga katta e’tibor qaratilmoqda.

2017-2021 yillarda respublika aholi punktlarida ichimlik suv ta’minoti va oqava suv chiqarish tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha 2 ming 509 ta ob’ektda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, buning uchun 10 trillion so‘m miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilgan, 16 ming kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmog‘i qurilgan, 885 km oqava suv tarmog‘ini qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada respublika hududlarida so‘nggi 5 yilda 6 million 500 ming aholi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ilk bor ta’minlandi.

Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 87 foizga yetkazish bo‘yicha har bir hudud kesimida loyiha taklifi ishlab chiqilib, xorijiy moliya institutlarining 26,6 trillion so‘m kredit mablag‘lari, respublika byudjetining 13,4 trillion so‘m mablag‘lari hisobidan 4 mingdan ortiq inshoot hamda 40 ming km ichimlik va oqava suv tarmoqlari qurilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyati aholisining 43 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanganligi sababli 3 mingga yaqin (2021 yil mos davriga nisbatan 23 foizga oshgan) murojaatlar kelib tushgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida ichimlik suv ta’minotiga aholi tomonidan e’tirozlar ortgan.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida ichimlik suv ta’minoti va oqava suv tizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari ishtirokida umumiy qiymati 127 million dollarga teng bo‘lgan 2 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishini jadallashtirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berdi. Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yerosti suv konidan suv olish quvurlariga yaqin bo‘lgan qishloq aholi punktlarining suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida Koson va Muborak tumanlarida 39 ta MFYda istiqomat qiluvchi 153 ming aholining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi.

Qarshi shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish loyihasini amalga oshirish natijasida 275 ming aholi oqava suv ta’minoti bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 203 km ichimlik suv quvurlari hamda 50 km oqava suv quvurlari yotqizildi. 41 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borilib, 1 ta ichimlik suv tozalash inshootida (Qodiriya) qurilish ishlari yakunlandi.

2022 yilning o‘tgan davrida vazirlikka Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan sohaga oid 126 ta so‘rov  kelib tushgan. Ularning 49 tasi qanoatlantirilgan, 52 tasi yuzasidan davlat dasturiga kiritish bo‘yicha tushuntirish olib borilgan, 25 tasiga huquqiy tushuntirish berildi, — dedi S.Saifnazarov.

Shuningdek, eshituvda 42 ta sayyor qabullar davomida 218 ta ichimlik suv ta’minoti, 89 ta ko‘p qavatli uy-joy masalalari, 48 ta issiqlik ta’minoti, 11 ta noqonuniy qurilish bo‘yicha murojaatlar tushganligi qayd etildi. Ularning 208 tasi ijobiy hal qilingan, 18tasi joyida bartaraf etilgan, 126 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan, 14 tasi ijobiy hal qilish uchun nazoratga olingan. Masalan, Surxondaryo viloyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan 173,1 million mablag‘ ajratilib, 16,7 km politelin quvurlarini tortish orqali 1100 ta xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar sohaga oid qator dolzarb savollarni berdi. Hududlarga chiqilganda ko‘plab aholi vakillari suv masalasida murojaat qilayotgani, e’tiroz bildirayotganini ta’kidladi.

– Har yili Davlat byudjetnomasini qabul qilishda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasiga yetarli darajada mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutiladi, ammo belgilangan mablag‘larning hammasi ham o‘z vaqtida ajratilmaydi, – dedi deputat Nodirjon Abduvaliyev. – Ba’zi holatlarda esa pul ajratilsa-da, ishlar o‘z vaqtida bajarilmaydi. Masalan, Bo‘ka tumanida 20 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan mahallalar dasturga kiritilganiga qaramay, suv ta’minoti yaxshilanmayapti. Bu bo‘yicha “O‘zsuvta’minot”ga bir necha bor murojaat qilganman. “1 aprelgacha hal qilinadi”, degan javob oldim, ammo mana, oktyabr bo‘ldi hamki, bu masala ochiq qolyapti. Bunga nima sabab bo‘lyapti?

– Bu 2019 yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan loyiha edi, – dedi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi Sohib Saifnazarov. – Ammo ajratilgan mablag‘lar ayrim quruvchilar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilgani bois ishlar to‘xtab, ular javobgarlikka tortilgan. Lekin bu loyiha qolib ketmaydi. Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Bo‘ka va Piskent tumanlaridagi ichimlik va oqava suv tizimini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi. Xususan, Bo‘kadagi 10 ta mahallani ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari shu yil yakunigacha to‘liq bajariladi.

Eshituvda deputatlar murojaatlarda ko‘tarilgan sohaga oid yana bir qator masalalarni o‘rtaga tashlab, mutasaddilardan izoh so‘radilar. Qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblardan so‘ng kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

 

Muhtarama Komilova,  O‘zA