Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi (International police association – (IPA) 1950 yilda tashkil topgan. Tashkilotga yuzdan ortiq mamlakat a’zo bo‘lib, 51 mamlakatda seksiyalari bor.

IPAning O‘zbekistondagi seksiyasi 2012 yilda ochilgan bo‘lib,  2016 yilda kuzatuvchi sifatida IPA sertifikatiga ega bo‘ldi. Klub tarzida esa 2019 yil 7 oktyabrda rasman ro‘yxatga olindi.

IPA – unvoni, irqi, tanasining rangi, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, xuquqni muhofaza qilish organlarining iste’fodagi vakillaridan tashkil topgan mustaqil tashkilot hisoblanadi.

Tashkilotning bosh maqsadi do‘stona munosabatlar o‘rnatish, xalqaro xamkorlikka ko‘maklashishdan iborat. Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, ularning dunyoqarashini kengaytirish va o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda.

Bundan tashqari, tashkilot ijtimoiy sohada o‘zaro yordam tashkillashtirishga, o‘z imkoniyatlari doirasida turli xalqlarning tinch-totuv yashashiga ko‘maklashish va butun dunyoda tinchlikni saqlab qolishga intilmoqda.

Toshkentda Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi O‘zbekiston seksiyasi tashkil topganligining 10 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida shu haqda so‘z yuritildi.

IPA tashkiloti BMTning Inson huquqlari butunjahon deklaratsiyasi asosida faoliyat yuritmoqda. YUNESKO va Yevropol bilan doimiy hamkorlik qiladi.

BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashi huzuridagi maslahat (Special) maqomida yuqorida bayon etilgan tamoyillarga sodiq holda faoliyat yuritmoqda.

Xalqaro politsiya assotsiatsiyasi O‘zbekiston seksiyasi rahbari M.Otajonov hozirgi sharoitda jinoyatchilarga qarshi kurashda boshqa davlatlar politsiyachilari bilan muloqotni davom ettirish uchun real imkoniyatlarga ega bo‘lgan assotsiatsiya salohiyatidan faol va samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.

Klub faoliyatining asosiy yo‘nalishlari huquqni muhofaza qilish xodimlarining mavqeini oshirish, iste’foga chiqqan, IPA klubining a’zosi bo‘lgan xodimlarga moddiy va ijtimoiy yordam qo‘rsatish, ijtimoiy himoya dasturidan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasining xorijga chiqib ketayotgan fuqorolarini, shuningdek yurtimizga kelgan xorijiy mamlakat fuqorolarini ijtimoiy jihatdan himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, terrorizm, narkotrafik, diniy aqidaparastlik g‘oyalaridan yosh avlodni himoya qilish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olishni targ‘ib qilishdan iborat.

Tadbirda xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, huquq-tartibot idoralari xodimlari, faxriylar ishtirok etdi.

N.Abduraimova, O‘zA