Ma’lumki, banklar fuqarolardan omonatlarni jalb qilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan litsenziya olishi kerak. Banklar fuqarolarning omonatlarini faoliyat uchun resurs sifatida ishlatishini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki nafaqat banklar faoliyatini litsenziyalaydi, balki ularni tartibga soladi va nazorat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mamlakatimizda omonatlarni kafolatlash va qaytarish bo‘yicha mas’ul davlat tashkiloti – Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi hisoblanadi.

O‘zbekistonda banklar yopilganda omonatchilarga pullari qanday qaytariladi? Ushbu savol bilan Markaziy bank Departamenti direktori Sanjar Nosirovga yuzlandik.

– Bunda fuqaro bankni tugatish komissiyasiga murojaat qilishi zarur bo‘ladi. Tugatish komissiyasi ro‘yxat shakllantirganidan keyin agent bank belgilanadi. Tugatilayotgan bankning mablag‘i omonatchilarning pulini to‘lash uchun yetarli bo‘lsa, bankning hisobidan Agent bankka to‘lab beriladi. Agar mablag‘ yetarli bo‘lmasa, tugatish komissiyasiga yetmaydigan mablag‘ to‘g‘risida Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondiga murojaat qiladi.

Mazkur fond 2 oy, 10-20 kun ichida pullarni Agent bankka to‘lab beradi. Agent bank bevosita omonatchilarning hisob varaqalariga omonatlarini qaytaradi. Fuqarolar omonatlarini xohlasa naqd pul ko‘rinishida olishi mumkin.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA