Xabar berganimizdek, Markaziy bank qaroriga asosan “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat banki va “HI-TECH BANK” xususiy aksiyadorlik tijorat banki litsenziyalari chaqirib olingan.

Xo‘sh, buning asosiy sababi nimada? Banklarga qo‘yilgan omonatlar qanday qaytariladi? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zA muxbiri Markaziy bank Departamenti direktori Sanjar Nosirov bilan suhbatlashdi.

– “Turkiston” xususiy aksiyadorlik tijorat banki va “HI-TECH BANK” xususiy aksiyadorlik tijorat banki tugatilishining sababi nima?

– Har ikki bank uzoq muddatdan buyon bank qonunchiligi bo‘yicha me’yorlar va prudensial talablarni muttasil buzib kelgan. Mazkur banklarning litsenziyasini chaqirib olishga asos sifatida “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54-moddasida ko‘rsatilgan qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatish mumkin. Shu bilan birga 77-moddadagi asoslar kuzatilgan.

Misol uchun, yetarli miqdorda aktivlarga nisbatan zaxiralar yaratilmagan. Regulyativ kapitalidan ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgan. Shuningdek, buxgalteriya hisobining hisobotga oid qoidalarini buzgan. Shu bilan birga, iste’molchilar huquqlarini buzishga olib keladigan harakatlar qilgan.

Turkistonbankning kapitali 140 milliard so‘mni tashkil etadi. “HI-TECH BANK” kapitali esa 90 milliard so‘mi bor. Ustav kapitaliga nisbatan 100 milliard so‘m talab bor. Turkistonbankda 117 milliard so‘m ustav kapitali bo‘lgan. “HI-TECH BANK BANK”da 116 milliard ustav kapitali shakllantirilgan. Umumiy kapitalning ustav kapitalidan kam bo‘lganligining sababi ham ularning zarar ko‘rganida.

– Mazkur banklarga qancha miqdorda omonat qo‘yilgan? Bu pullar qanday qaytariladi?

– bugungi kunda Turkistonbankda aholining 339 milliard so‘m “HI-TECH BANK”da esa 5 milliard so‘mlik omonatlari bor. Yuqoridagi ikki bank omonatchilarining barcha mablag‘lari, birinchi navbatda 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi. Litsenziyasi chaqirib olinayotgan yuqoridagi ikki bank omonatchilarining xavotiriga o‘rin yo‘q.

Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan tugatish komissiyalari tuzildi. Tugatish komissiyalari ertaga omonatchilar qaysi manzillarga murojaat qilishlari to‘g‘risidagi ma’lumotni e’lon qiladi. Buning uchun omonat qo‘ygan fuqarolar tugatish komissiyasiga murojaat qilishlari kerak. Tugatish komissiyasi uning kreditorlari va omonatchilarning ro‘yxatini tuzadi va omonatchilarning pullarini to‘lab berish boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq aholining banklardagi omonatlari Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan to‘liq kafolatlanganligi munosabati bilan ushbu ikkala bank omonatchilarining barcha mablag‘lari 2 oydan so‘ng to‘liq qaytariladi.

Ma’lumot uchun, Turkistonbank aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 26-o‘rinni egallagan. “HI-TECH BANK” esa aktivlar hajmi bo‘yicha respublika bank tizimida 29-o‘rinda edi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA