Byuro organlari tomonidan joriy yilda davlat foydasiga 8,5 trln so‘m undirilgan. Bu haqda joriy yilning 7 oktyabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi MIB xodimlari ishtirokida tashkil etilgan matbuot ajumanida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, byuro organlari tomonidan o‘tgan davrda jami 21,8 trln. so‘mlik undiruvlar amalga oshirilgan. Amalda bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7 trln so‘mga oshgan.  Birgina, davlat foydasiga 8,5 trln so‘m, tadbirkorlik va boshqa sub’ektlari foydasiga 6 trln. so‘m, banklarga 5,8 trln. so‘m va fuqarolarimiz manfaatlari uchun 1,4 trln. so‘mdan ortiq undiruvlar amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga 416,4 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 69,1 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

Bundan moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1 trln. so‘mdan ortiq aliment pullari undirilgan bo‘lsa, shundan 9,2 mlrd. so‘mlik 61 ta uy-joy va 636,6 mln. so‘mlik 8 ta transport vositasi aliment oluvchilarga oldindan to‘lov sifatida berilishi ta’minlangan.

Shuningdek, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorlarning 130 nafar undiruvchilariga “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 1,5 mlrd. so‘m pul mablag‘i to‘lab berilgan va aliment to‘lovlari bo‘yicha undiruv o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 578 mlrd. so‘mga oshgan.

Qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 925 nafar shaxs ishga tiklanib,  to‘lanmay qolgan 61 mlrd. so‘mlik ish haqlari undirilgan.

M. Eshmirzayeva, D. Yakubov(video), O‘zA