Ayni kunlarda Ozarbayjonning Baku shahrida bo‘layotgan 8-Xalqaro kitoblar forumi doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi, she’rlari dunyoning o‘ttizga yaqin tillariga tarjima qilingan taniqli shoira Xosiyat Rustamovaning ozarbayjon tilida chop etilgan “Layli daraxtlar”, “Ismi Lala edi u qizning”, “44 kun” nomli kitoblari taqdimoti o‘tkazilmoqda.

Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi madaniyat ishlari qo‘mitasi,  Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi, Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Madaniyat markazi hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda qardosh xalq adib va shoirlari, adabiyotshunos olimlar,  madaniyat sohasi vakillari, oliy o‘quv dargohlari talabalari, shuningdek, bir qator o‘zbek noshirlari ham ishtirok etmoqda.

Ijodi va iste’dodi bugungi kunda xorijiy davlatlarda ham e’tirof etilayotgan o‘zbek shoirasining kitoblari taqdimoti qardosh o‘lkaning bir qancha madaniy markazlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

– Shoira Xosiyat Rustamovaning she’rlarini Ozarbayjonda ham sevib o‘qishadi. Uning xalqlarimiz do‘stligi va birdamligi uchun adabiy jarayonda qilayotgan ishlari maqtovga loyiq. Shoira ijodi bizning yurtimizda alohida e’tirof etiladi. Shu bois u Ozarbayjonning nufuzli Mikoil Mushfiq, Rasul Rizo hamda Nurangiz Gun nomidagi mukofotlar bilan taqdirlangan, – deydi Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi madaniyat qo‘mitasi raisi, shoira Ganira Pashayeva.

O‘zA