Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan joriy yilning 9 oyida 772 million 529 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, reja 125,4 foizga bajarildi.

Jumladan, asosiy ishlab chiqarish mahsuloti bo‘lgan mis eksportida reja 112,7 foizga uddalangan holda, 60064 tonna mis mahsulotlari xorijga jo‘natilgan. Shuningdek, 54 887 tonna mis katodi eksport qilinib, reja 122,8 foizga bajarilgan. Mis kuporosi eksportida 7248 tonnalik natija qayd etilib, reja 128,7 foizga uddalangan.

Rux mahsulotlari eksportida 9 oylik yakun bo‘yicha  yuqori natija saqlanib qolingan. Bu yo‘nalishda reja 129,6 foizga bajarilib, 46661 tonna ushbu mahsulot importyorlarga yuborilgan. Bundan tashqari, 46266 tonna rux metalli eksporti amalga oshirilib, reja 128,5 foizga bajarilgan.

Kadmiy metalli eksportida ham 9 oyda yuqori natijalar qayd etilgan. Xaridorlarga 329 tonna kadmiy yuborilib, reja 109,7 foizga bajarilgan. Molibden mahsulotlari eksportida ham yuqori natijalar kuzatilmoqda. Xususan, reja 135,5 foizga bajarilib, 596 tonna mahsulot xaridorlarga sotilgan.

Qo‘rg‘oshin konsentrati eksportida reja 107.4 foizga bajarilib, 19657 tonna ushbu mahsulot xorijga jo‘natilgan.Shuningdek, kombinat tarkibidagi Chirchiq shahrida joylashgan Nodir metallar va qattiq qotishmalar Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan mahsulotlar eksportining 2022 yil uchun belgilangan rejasi muddatidan oldin bajarilgan. Birlashma mehnat jamoasi tomonidan 24,64 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Ma’lumot uchun: OKMK mahsulotlari asosan Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Ukraina, Polsha, Tojikiston, Indoneziya, Niderlandiya, Xitoy, Turkmaniston, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Joriy yilda kombinat mahsulotlari eksporti geografiyasi yanada kengaydi. Jumladan,  mahsulotlar  Surinam, Keniya, Avstraliya, Litva, Gruziya, Portugaliya, Kanada, Avstriya, Ispaniya, Finlyandiya, Marokash va Singapur kabi davlatlarga ham  eksport qilinmoqda. Ushbu davlatlar asosan mis mahsulotlarini xarid qilmoqda.

OKMK Axborot xizmati
O‘zA