3-26 oktyabr kunlari Yaponiya xalkaro hamkorlik agentligi JICAning “Maktabgacha ta’limda inklyuziv ta’lim amaliyotini mustahkamlash” nomli loyihasi doirasida “Inklyuziv ta’lim tajribasini rivojlantirish” mavzusida o‘quv-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilish, ularni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya berish tizimini takomillashtirish, ularga ko‘rsatiladigan ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash borasidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan Yaponiya – O‘zbekiston o‘rtasida tajriba almashish va tavsiyalarni qabul qilishdan iborat.

Inklyuziv ta’limning nazariy va amaliy masalalari o‘ndan ortiq yo‘nalishlarda tashkil etilmoqda.

O‘quv-trening ishtirokchilari bilan Yaponiya misolida O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish istiqbollari, muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha metodik hamda amaliy masalalarni atroflicha muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

O‘quv-trening ishtirokchilarining hulosalari asosida ular tomonidan ishlab chiqiladigan yakuniy tavsiyalar respublikamizdagi inklyuziv ta’lim yo‘nalishini zamonaviy talablar darajasida rivojlantirish yo‘lidagi alohida ahamiyatga ega bosqich bo‘lib xizmat qiladi.

M.Qosimova,  
O‘zA