Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi ko‘magida Chimkent shahrining turistik salohiyati to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Shahar hokimligi axborot xizmati ma’lum qilishicha, Chimkentning turistik salohiyati to‘g‘risida Chimkent shahar turizm va tashqi aloqalar boshqarmasi turizm sohasini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi Azamat Nurimbetov taqdimot qildi.

Shuningdek, Chimkent shahri taklif etayotgan sayyohlik yo‘nalishlariga bag‘ishlangan sermazmun va qiziqarli videorolik namoyish etildi. Mazkur videorolik ziyorat turizmi, jumladan, Sayramdagi musulmonlar ziyoratgohlari, arzon narxlarda noyob xalq taomlari bilan qahvaxona va restoranlarga gastronomik turizm,  korxonalarni ochishda qulay shart-sharoitlar va imtiyozlar taklif etayotgan ishbilarmonlar uchun biznesturizm kabi yo‘nalishlarni qamraydi.

Bundan tashqari, Chimkentda ko‘plab arzon turar-joylar mavjud bo‘lib, transport infratuzilmasi yaxshi rivojlangan va ko‘plab bog‘lar hamda xiyobonlar yonida o‘ziga xos me’moriy uslubga ega bo‘lgan zamonaviy binolar joylashgan.

Tadbir ishtirokchilariga Toshkent shahar hokimligiga tantanali ravishda sovg‘a sifatida taqdim etilgan zamonaviy va ilg‘or   texnologiyalar  yordamida yaratilgan kitob-albom ko‘rsatildi. Shunigdek, Chimkent shahrining diqqatga sazovor joylari bo‘ylab virtual 3D sayohatga ega VR ko‘zoynaklar namoyish etildi.

Taqdimotning rasmiy qismi Chimkent shahar turizm va tashqi aloqalar boshqarmasi, Qozog‘iston va O‘zbekiston turoperatorlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolash bilan yakunlandi.

Mehmonlarga O‘zbekiston poytaxtining turistik salohiyatini ochib beruvchi “Salom, Toshkent” videoroligi namoyish etildi.

 

N.Usmonova, 
O‘zA