Odam savdosi jinoyati xalqaro miqyosdagi global muammolardan biri hisoblanadi. Ushbu illat nafaqat odam savdosidan jabrlangan shaxslar, balki ularning oilasi, ayniqsa farzandlari uchun, jamiyat ham uchun og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi xavfli illatdir.

Eng yomoni, odam savdosi ayrimlar uchun katta daromad manbai va bu daromadlar global xavfsizlikka tahdid solishga xizmat qilayotgani achinarlidir.

Toshkentda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro davra suhbatida shu haqda gap bordi.

Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Norboyeva boshqargan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi. Bu yo‘nalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi.

– Odam savdosi jinoyati transmilliy xarakterga ega bo‘lib, bir hududda, mamlakatda boshlanib, boshqasida davom etadi va uchinchi davlatda boshqacha tusga kirib, global xavfsizlikka xavf solmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Bunday sharoitda tahdidlarga qarshi kurashishda milliy, mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish zarur. Biz bu yo‘nalishda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, “Winrock International” nodavlat tashkiloti, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib bormoqdamiz. Natijada turli xavf-xatarlarga, shu jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish, majburiy mehnatga barham berish yo‘nalishida ham sezilarli yutuqlarga erishildi. Bu kabi illatlarning oqibatlari bilan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi omillar bilan kurashish prinsipiga o‘tilganligi bugun o‘z samarasini bermoqda.

Sohaga oid milliy qonunchilik takomillashtirildi, xalqaro normalar qonunchilikka implementatsiya qilindi. Xususan, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida» yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi. Odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajada identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi belgilandi. Odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Qator xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi. Umuman olganda, oxirgi uch yilda qirqqa yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ijrosi ustidan parlament nazorati o‘rnatildi.

2019 yildan boshlab Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Milliy komissiyaga raislik qilish Oliy Majlis Senati raisiga yuklatilgani ushbu masalaga katta e’tibor qaratilayotganligidan dalolat beradi.

Ta’kidlanganidek, AQSH Davlat departamentining dunyoda odam savdosi to‘g‘risidagi so‘nggi hisobotlarida O‘zbekiston Respublikasining odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida yuqori natijalarga erishgani evaziga, alohida kuzatuv ostidagi davlatlar ro‘yxatidan chiqarildi. O‘zbekiston xalqaro standartlarni to‘liq bajarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotgan davlatlar ro‘yxatiga kiritildi.

Shu yil 28 sentyabrda AQSH Mehnat vazirligi tomonidan e’lon qilingan «Bolalar mehnatining eng yomon ko‘rinishlari» to‘g‘risidagi yillik hisobotda O‘zbekiston Respublikasining pozitsiyasi eng yuqori – «muhim o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar» qatoriga kiritildi. E’tiborlisi, O‘zbekiston 131 davlat ichidan eng yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan 9 davlatdan biri bo‘ldi.

Odam savdosiga qarshi kurashish, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarni har tomonlama himoya qilishda «Istiqbolli avlod» nodavlat notijorat tashkiloti faol ish olib borayotgan e’tirof etildi. 2021 yilda tashkilot tomonidan 2 ming 652 nafar fuqaroga huquqiy yordam ko‘rsatildi, shuningdek, xorijiy davlatlarda qiyin ahvolga tushib qolgan 197 nafar fuqaroni Vatanga qaytarishda hamda 81 nafar fuqaroga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni tiklashda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Odam savdosiga qarshi kurashishda, sohaga xalqaro standartlarni joriy etishda YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan samarali hamkorlik qilinmoqda.

YeXHTning Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili V.Richi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda qator davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari O‘zbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan islohotlarga yuksak baho berdi.

Senat raisi sohada chuqur tadqiqotlarni olib borish va xulosalar ishlab chiqish, odam savdosiga qarshi kurashishda tadbirlarni davlat tomonidan moliyalashtirishni kengaytirish zarurligini alohida qayd etdi. Ushbu illatga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat tashkilotlar, xalqaro hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birgalikda barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadga muvofiq. Milliy komissiya qoshida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha jamoatchilik faollari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillaridan iborat ekspertlar guruhini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Tadbirda odam savdosiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zbekistonlik migrantlar bo‘lgan davlatlarning parlamentlari, hukumatlari, tegishli idoralari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA