O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar qator axborot agentliklari e’tiboridan joy olgan. Masalan, RIA Novosti ushbu munosabatlar haqida to‘xtalar ekan, “O‘zbekiston bilan Vengriya yadro energetikasi bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturini ishga tushirmoqda”, sarlavhali maqolasini e’lon qildi.

“Mazkur hamkorlik ham texnologiyalarni, ham o‘zbekistonlik yadro mutaxassislarini Vengriyada o‘qitishni nazarda tutadi”, deya ta’kidlagan Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto o‘zbekistonlik hamkasbi Vladimir Norov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuni bo‘yicha bergan bayonotida.

“Muhim ahamiyatga ega bo‘lgan faktlardan biri shuki, Vengriya va O‘zbekiston yadroviy sohada kompleks hamkorlik dasturini ishga tushirmoqda. Ushbu dastur uchta elementdan iborat bo‘ladi. Birinchidan, O‘zbekistonda qurilayotgan atom elektr stansiyasida Vengriyaning sovutish tizimidan foydalaniladi, chunki AES uchun tanlangan ma’lum hududlarda suv yetishmaydi. Bundan tashqari, ushbu kompleks hamkorlik uchun ta’lim asoslari kerak bo‘ladi. Vengriya oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar har yili 170 ta stipendiya bilan ta’minlanadi. Ularning bir qismini, ya’ni yadro energetikasi sohasidagi bo‘lajak o‘zbek muhandislari va ekspertlarini har yili Vengriyada tayyorgarlikdan o‘tkazamiz”, – degan Siyyarto. Uning chiqishi ijtimoiy tarmoqlardan namoyish qilib borilgani aytilmoqda.

Uchinchi element, uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston uran ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egallashini inobatga olgan holda isitish elementlari bilan bog‘liq tadqiqotlar va ishlanmalar dasturlarini ishga tushirishni nazarda tutadi. “Yadro sohasini rivojlantirish bo‘yicha ushbu kompleks dastur kelajakda Vengriya – O‘zbekiston strategik hamkorligining muhim asosi bo‘lib xizmat qiladi”, – deya ta’kidlagan Siyyarto.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasida favqulodda muhim hamkor ekanini ta’kidlagan. U siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va energetika nuqtai-nazaridan olib qaraganda ikki mamlakat hamkorligi strategik xarakterga ega ekanini alohida ta’kidlagan, deb yozmoqda MTI agentligi Orbanning matbuot kotibi Bertalan Xavashi bergan ma’lumotga tayanib.

“Seshanba kungi muzokaralar chog‘ida 14 ta bitim imzolandi. Ular orasida Vengriya bilan O‘zbekiston o‘rtasida strategik hamkorlik hamda adliya, atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish rejalari ham bor”, – deya ta’kidlagan Xavashi.

U shuningdek, Orban O‘zbekiston Prezidentining noyabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar sammitiga taklifini ham mamnunlik bilan qabul qilganini ma’lum qilgan.

Xabarda Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-4 oktyabrda rasmiy tashrif bilan Vengriyada bo‘lgani ta’kidlanadi. O‘zbekiston rahbari seshanba kuni Vengriyaning 20 ta yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari hamda Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan uchrashuv o‘tkazgan. O‘zbekiston va Vengriya kompaniyalari qiymati 1 milliard dollardan ortiq shartnoma va bitimlarni imzolagan, deyiladi xabarda.

S.Rahimov,O‘zA