30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimizdagi eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini ilgari surish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Anna Berde va Jahon banki jamoasini sermahsul hamkorlikning 30 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

Keyingi yillarda sheriklik yuqori sur’atda rivojlanib, tobora natijador bo‘lib borayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu davrda qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 4 barobar kengayib, 8 milliard dollardan oshdi.

Birgina o‘tgan yilda tegishli “yo‘l xaritasi”ga muvofiq Jahon banki qishloq xo‘jaligi, energetika, ekologiya, moliya va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 1 milliard dollarlik 6 ta ustuvor loyihaning moliyalashtirilishini ma’qulladi.

Bankning faol ko‘magi bilan bugungi kunda O‘zbekistonda agrar, energetika va transport tarmoqlarida kompleks yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Jahon banki tomonidan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasiga hamohang bo‘lgan 2026 yilga qadar Mamlakat dasturi qabul qilindi.

Vitse-prezident Anna Berde yurtimizdagi islohotlarning muvaffaqiyatini yuqori baholab, bankning keng ko‘lamli sheriklikni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi.

Bank qishloq joylarda turmush darajasini yuksaltirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, ta’lim va sog‘liqni saqlashni modernizatsiyalash, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash kabi muhim yo‘nalishlardagi yangilanishlarni jadallashtirish maqsadida ekspertlik va moliyaviy ko‘makni yanada kengaytirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Markaziy Osiyoning barqarorligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan strategik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasidagi sheriklikni muhim yo‘nalishlarda kengaytirish bo‘yicha yangilangan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.