Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev Isroil davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Zeavit Ben Xilel, Isroil Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish agentligi (MASHAV) rahbari Eynat Shleynni qabul qildi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, O‘zbekiston va Isroil davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalardagi hamkorlik haqida so‘z bordi.

Isroil mamlakatining ilg‘or tajribalari asosida mahalliy yoshlar hamda mutaxassislarning bilimini oshirish, hamkorlikda yangi loyihalarga qo‘l urish, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida seminar-treninglar tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Orolbo‘yi mintaqasida ko‘chatxonalar barpo etish va qurg‘oqchil yerda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishda Isroil tajribasini keng joriy etish, kollektor va oqova suvlarni qayta ishlash orqali qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan foydalanish, shu asosda mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish zarurligi qayd etildi.

Qabulda Orolbo‘yining turizm salohiyatidan keng foydalanish, uni targ‘ib qilish orqali hududga turistlarni jalb qilish va boshqa muhim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA