Xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan turfa tuzilmalar, jamoatchilik nazorati, ochiqlik va shaffoflik – bu tobora rivojlanayotgan jamiyatimiz qiyofasi.

Nodavlat notijorat tashkiloti shaklidagi bu tuzilmalar soni bugungi kunda 10 mingdan oshdi. Ular turli jabhalarda inson huquqi va manfaatini ta’minlash yo‘lida faoliyat olib borish bilan birga, aynan shu yo‘nalishda ish olib boruvchi davlat organlariga ham yaqindan ko‘maklashmoqda. Shu ma’noda NNTlarni chinakam xalqchil tuzilmalar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Toshkent shahrida «Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligi» mavzusida o‘tkazilgan Milliy forum ushbu maqsadlarga qaratilgan mexanizmlarni takomillashtirishga bag‘ishlandi.

Zero, Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida shunga alohida urg‘u berilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Adliya vazirligi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, «Yuksalish» umummilliy harakati hamda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan tashkil etilgan forum ishida 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Jumladan, vazirlik va idoralar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan forumda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyotini yanada kengaytirish e’tibor markazida bo‘ldi.

So‘zga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatda inson huquqlari sohasidagi holat butunlay o‘zgarganini, shuningdek, shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlarni himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlatning ochiq hamkorligi yo‘lga qo‘yilganini alohida e’tirof etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiyada inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyasini mustahkamlashga qaratilgan jami 33 qonunchilik hujjatini qabul qilish nazarda tutilgan bo‘lib, shu kunga qadar 12 qonun qabul qilindi. Bundan tashqari, 10 ta yangi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 martdagi farmoni bilan «2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» tasdiqlandi. Unda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish masalalarini qamrab olindi.

– Inson huquqlarini himoyasi yo‘lida faoliyat olib borayotgan Ombudsman ko‘plab nodavlat notijorat tashkilotlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda, – dedi Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) Feruza Eshmatova. – Ombudsman huzuridagi Milliy preventiv mexanizm faoliyatida ham turli soha vakillari, huquq himoyachilari faol ishtirok etmoqda. Inson huquqlari himoyasida eng avvalo, ularning huquqiy ongini o‘stirish muhim o‘rin tutadi. Shu yo‘nalishda ham hamkorlikni kuchaytirishimiz zarur. Shu o‘rinda biz aynan shuning uchun «Ombudsman maktablari» faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Bu yo‘lda barcha, shu jumladan, jurnalistlar ham faol ishtirok etsa, o‘ylagan maqsadimizga erishamiz. Ya’ni xalqimiz huquqiy madaniyati yuksalib borsa, huquqi buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi yoki buzilsa ham uni qanday talab qilishni biladi.

Milliy forum «Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari» hamda «Inson huquqlarini himoya qilish va ta’minlashda jamoatchilik nazoratining o‘rni» deb nomlangan ikkita sho‘bada davom etdi.

Ma’ruzalar fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy loyiha va dasturlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, inson huquqlarini himoya qilishda ommaviy axborot vositalarning roli, O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning ijtimoiy va madaniy huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qilinadigan ishlarga e’tibor qaratdi.

Inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirish, yoshlar, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mehnat migrantlari hamda odam savdosidan jabr ko‘rganlarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish masalalari ham e’tibordan chetda qolmadi.

– 20 yildan ortiq vaqt davomida tashkilotimiz odam savdosiga qarshi kurashib keladi, – dedi Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazi direktori Nodira Karimova. – Faoliyatimiz davomida davlat organlari ko‘magiga tayanamiz, albatta. O‘z navbatida ushbu muammoning oldini olish, odam savdosidan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali nafaqat odamlarga, balki jamiyatga, davlatga foydamiz tegib kelayotganidan mamnunmiz. Xorijiy davlatlarda qullikka mahkum etilgan minglab yurtdoshlarimizni qutqarishda biz o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yganimiz qo‘l keldi. bugungi Milliy forumda ana shu hamkorlikni yanada kengaytirish haqida yaxshi fikrlar aytildi va ishonamanki, bu albatta ro‘yobga chiqadi.

Milliy forum davomida muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan takliflar ishlab chiqildi. Forum yakunida qabul qilingan hujjat inson huquqlarini himoya qilish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirishga, ularning davlat organlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Milliy forum yakunida faol nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari taqdirlandi.

 

N.Abduraimova, O‘zA