Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Savdo-sanoat palatasi va uning xududiy bo‘linmalarining faoliyati ham tubdan o‘zgarishini aytdi. Bundan buyon, ular:

– tuman, shahar tadbirkorlarini birlashtirib, ularni qiynayotgan muammo va masalalarni aniqlash bilan amalda shug‘ullanadi;
– har bir tuman va shaharda ilg‘or metodikalar asosida biznesga o‘qitish maktablarini tashkil qiladi;
– hokim va boshqa hududiy rahbarlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolatiga ega bo‘ladi;
– mahalliy Kengash va hokimlar bilan har oy kamida ikki marta tanqidiy muhokamalarni o‘tkazadi.
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasining o‘ziga ham:
– Hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish;
– tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish vakolatlari beriladi.
Savdo-sanoat palatasi Hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi.
Yuqorida aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladi.
Prezident Administratsiyasi rahbariga ikki hafta muddatda  ushbu kengash ishini tashkil qilish topshirildi.

Prezidentimiz so‘zini yakunlab, ayni paytda tadbirkorlar bilan fikr almashmoqda, ularning taklif va tashabbuslarini tinglamoqda.

O‘zA