Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida 100 ming nafar, «Uzluksiz kasbiy ta’lim» elektron platformasi orqali 87 ming nafar tizim xodimlari o‘z malakasini oshirgan.

Natijada toifaga ega o‘qituvchilar soni 220 ming 110 nafardan 325 ming 818 nafarga yoki ularning ulushi 43,8 foizdan 64,8 foizga oshishiga erishilgan. Shuningdek, o‘qituvchilarning kasbiy malakasini oshirish maqsadida jami 176 nafar xorijiy ekspert va pedagoglar jalb qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligining 2022 yil 6 oylik faoliyati yakunlari hamda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, pedagog kadrlar sifatini oshirish maqsadida Pedagogika universiteti xalq ta’limi tizimiga o‘tkazildi.

Kelgusida esa Toshkent davlat pedagogika universiteti xalqaro talablar asosida transformatsiya qilinishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, 2022 yilda 246 nafar mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida maktablar uchun Milliy o‘quv dasturi yaratilib, o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Dastur asosida 296 nomdagi yangi avlod darsliklari, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodika kitoblari yaratildi. Shu jumladan, 189 ta darslik, 50 ta mashq daftari, 57 ta metodik qo‘llanmalar va darsliklarning mobil ilovalari yaratildi.

Yosh avlodni sog‘lom voyaga yetishi uchun joriy o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tajriba-sinov tariqasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimi joriy etildi.

Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 139 mingdan ortiq (726 ta maktab), Xorazm viloyatida – 134 mingdan ortiq (549 ta maktab) o‘quvchi bepul ovqatlanishi tashkil etildi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar dublikatini berish Yagona interaktiv xizmatlari portali orqali 7 kun ichida (ilgari 30 kun) olish imkoniyati yaratildi. Buning natijasida bugungi kunga qadar 3 131 nafar fuqaro hujjat dublikatini elektron shaklda oldi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA